2026-yilning yanvar-mart oylari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston tabiiy gazni eksport qilganidan ko‘ra ko‘proq import qilgan. Bu haqda Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlarida keltirilgan.

Birinchi chorakda Turkmaniston va Rossiyadan tabiiy gaz importi 2,2 barobarga o‘sib, $360,5 mlnga yetdi. Yanvardagi $167,6 mlnlik yetkazib berishlardan so‘ng, fevralda import hajmi keskin kamayib, $34,6 mlnni tashkil etdi, biroq mart oyida yana o‘sib, $158,3 mlnga yetdi.

Yil boshidan buyon Xitoyga gaz eksporti qariyb 2,5 barobarga kamayib, $36,7 mlnni tashkil qildi. Yanvar oyida O‘zbekiston yetkazib berishni to‘xtatib, faqat fevral oyida ($7,1 mln) qayta tiklagan edi. Mart oyida esa eksport keskin o‘sdi — fevral oyiga nisbatan besh baravardan ko‘proqqa oshib, $29,4 mlnga yetdi.

Biroq Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlari Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma‘lumotlaridan sezilarli darajada farq qiladi, unga ko‘ra, O‘zbekiston joriy yilning yanvar-mart oylarida $1 mlndan sal ko‘proq miqdorda gaz eksport qilgan. Statistik ma‘lumotlardagi tafovut $35 mlndan oshadi.

Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi fevral-mart oylarida O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilganini xabar qilmoqda. 2025-yilning yanvar-mart oylari bilan solishtirganda ($70,8 mln) gaz eksporti 65 baravarga kamaydi.

Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha Rossiya yetakchilikni saqlab qolmoqda, u birinchi chorakda $2,3 mlrdlik “zangori olov” yetkazib bergan. Ikkinchi o‘rinda Turkmaniston ($1,88 mlrd) joylashgan. Keyingi o‘rinlarni Myanma ($384,1 mln), Qozog‘iston ($117,8 mln) va O‘zbekiston ($1,08 mln) egallagan.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston avtomobillar, elektrotexnika, gaz, don va go‘sht importini keskin oshirgani haqida yozgandi.