UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Captiva 5 avtomobillarini yetkazib berish boʻyicha shartnomalar tuzishni toʻxtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Konsern oʻz qarorini mikrosxemalar sohasida davom etayotgan inqiroz bilan izohladi. Kompaniya yuzaga kelgan noqulayliklar uchun mijozlardan uzr soʻradi. Toʻlov qilgan mijozlar pulni qaytarib olishlari uchun ariza topshirishlari kerak, mablagʻlar ariza topshirilgandan keyin 3 kun ichida oldindan toʻlov summasining 5% miqdorida qoʻshimcha toʻlov bilan qaytariladi.

Bundan tashqari, UzAuto Motors mijozlarga Captiva oʻrniga oʻzlari tanlagan boshqa krossover — Equinox yoki Trackerni taklif qildi. Shuningdek, xaridorlar oʻz xohishlariga koʻra Malibu, Cobalt yoki Trailblazer avtomobillarini ham xarid qilishlari mumkin.

Yangi avtomobillar dastlabki shartnomalar boʻyicha, lekin 2022-yil yanvaridan kechiktirmay yetkazib beriladi.

Yangi Captiva joriy yilning sentabr oyida sotuvga chiqdi. UzAuto Motors avtomobilni 4 ta trim darajasida taklif qildi.