Markaziy bank tomonidan mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilishi boshlandi.

Joriy yil 24 noyabr kuni Markaziy bank tomonidan “Kafolat” sug‘urta kompaniyasi bilan birgalikda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining 12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridagi trenerlarni moliyaviy savodxonlik bo‘yicha tayyorlash yuzasidan trening o‘tkazildi.

Trening doirasida to‘lov va pul o‘tkazmalari, zamonaviy moliyaviy texnologiyalar, moliyaviy xavfsizlik (jumladan, raqamli moliyaviy xavfsizlik) va bank omonatlari kabi mavzular yoritildi. Bundan tashqari, dasturga “Sberbank” OAJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ma’lumotlar va materiallar kiritilgan bo‘lib, ular Rossiya Federatsiyasining bank xizmatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarini ochib berdi.

Loyiha joriy yilning dekabr oyidan boshlab Agrobank, Mikrokreditbank, Xalq banklarining konsalting ko‘magi ostida “Ishga marhamat” monomarkazlarining 14 ta filiallarida hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.