“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasiga tegishli samolyot Minsk milliy aeroportining uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketdi. Bu haqda “Minsk Airport” matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, “Toshkent — Minsk” yoʻnalishi boʻyicha parvozni amalga oshirgan Airbus A-320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 11:45da Minsk milliy aeroportiga qoʻngan, biroq kuchli qor va boʻron tufayli uchish-qoʻnish yoʻlagidan chiqib ketgan.

Samolyot bortida 115 nafar yoʻlovchi boʻlgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, jabrlanganlar yoʻq. Koʻngilsiz hodisa oqibatida samolyotga shikast yetmagan. Barcha yoʻlovchilar terminal binosiga olib borilgan, havo kemasini esa turargohgacha tortib borishgan.

Ushbu voqea tufayli boshqa aviakompaniyalari reyslari aeroportga qoʻna olmasdan, boshqa aeroportga yoʻl olgan.