Vazirlar Mahkamasining “Avtomobillarni sotib olish va sotish jarayoniga axborot tizimlarini joriy etish toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Adliya vazirligi.

Unga koʻra, 1-apreldan boshlab UzAuto Motors avtotransport vositalarini sotib olish shartnomasining bajarilishi toʻgʻrisida mijozlarni avtomatik ravishda xabardor qiladi va maʼlumotlarni IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi va Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatiga faqat elektron shaklda uzatadi.

Bu tartib haqiqiy avtomobil xaridorlariga afzallik beradi, deyiladi xabarda. Yaʼni, mashina sotib olish uchun shartnomangizni boshqa shaxsga sotish ishlamaydi. Transport vositasi shartnoma boʻyicha xaridor sifatida YHXB maʼlumotlar bazasiga maʼlumotlari kiritilgan shaxs nomiga rasmiylashtiriladi.

Bungacha “Oʻzavtosanoat” rahbari Shavkat Umurzoqov 14-fevral kuni prezident bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari haqida gapirgan edi. Endilikda avtomobilning VIN raqami shartnomada koʻrsatiladi va maʼlumotlar avtomatik tarzda kompaniya va YHXB maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.

Endi avtomobil sotib olayotganda dilerlar invoys-sertifikat beradilar. Shartnoma boʻyicha avtomashinani sotib olgan shaxsning ismi-sharifi koʻrsatilgan nusxa ularda qolib, asl nusxasi avtomashinani sotib olgan shaxsga navbatsiz berilgan. Yangi tartib bu kabi qonunbuzarliklardan xalos boʻlish imkonini beradi, dedi Umurzoqov.

Mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun navbatlar hamon saqlanib qolgan. Maxsus “Uzavosavdo” boti faqat Damas brendi haqidagi maʼlumotlarni koʻrsatmoqda, unga koʻra ayni damda salkam 43 ming kishilik navbat turibdi.

Kompaniya vaziyatni yarimoʻtkazgichlar yetishmasligi va ularni yetkazib berishdagi kechikishlar bilan izohlamoqda. Dekabr oyida UzAuto Motors Lacetti, Cobalt, Nexia va Spark bilan shartnoma tuzishni toʻxtatdi. 1-fevraldan qayta boshlash rejalashtirilgan edi, ammo hozircha bu amalga oshirilmadi.