“UzAuto Motors"ning motorga ixtisoslashgan boʻlimi yangi turdagi dvigatel ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun kredit oladi, deya xabar bermoqda Yagona korporativ axborot portali.

“UzAuto Motors Powertrain” aksiyadori ikki xorijiy bank bilan kredit shartnomasini tuzishni maʼqulladi. Shveytsariyaning “Credit Suisse” va Avstriyaning “Raiffeisen” kompaniyalari $52,1 mln va €36,5 mln (jami $93 mln yoki Markaziy bank kursi boʻyicha 1,01 trln soʻm) miqdorida mablagʻ ajratadi.

Kredit 10 yil muddatga beriladi. Ushbu pul evaziga kompaniya CSS Prime dvigatellarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish uchun zarur uskuna va butlovchi qismlarni sotib oladi — u kredit uchun garov sifatida ham ishlaydi.

Xususan, ayni yigʻilishda Singapurning “Jebsen & Jessen” kompaniyasidan €50,05 mln va $20,56 mln lik asbob-uskunalar sotib olish boʻyicha kelishuv maʼqullandi. Shundan 15%i kompaniya hisobidan, 85% esa kredit hisobidan toʻlanadi.

Bitimlar tuzish va zarur hujjatlarni imzolash uchun “UzAuto Motors Powertrain” boshqaruvchi direktori Saidazim Gʻulomov ruxsat oldi.

Bundan avval, 14-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev “UzAuto Motors” kompaniyasiga yangi dvigatellar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriq bergan edi. Bundan tashqari, yangi Onix va Tracker modellarini chiqarish 2022-yilda oʻzlashtiriladi. Uchta investitsiya loyihasining umumiy qiymati $336 mln ni tashkil etadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Spot “UzAuto Motors” avtomobillarni sotib olish va sotish boʻyicha YHXB bilan onlayn maʼlumotlar almashinuvini joriy qilayotgani haqida yozgan edi.


CSS Prime dvigateli 3 silindrga ega, umumiy hajmi 1,2 litrni tashkil qiladi. Maksimal quvvat 97 kVt (130 ot kuchi) ga teng.