Turkish Airlines Oʻzbekistonga yangi muntazam reysni yoʻlga qoʻyadi. Bu haqda aviakompaniya bosh direktori Bilol Ekshi maʼlum qildi.

Uning Twitterʼdagi xabariga koʻra, Istanbul — Buxoro yoʻnalishi boʻyicha parvozlar 7-iyundan boshlab amalga oshiriladi.

Turkiya aviakompaniyasi Oʻzbekistonning boshqa shaharlari bilan ham parvozlar chastotasini oshirmoqda.

9−10-may kunlaridan boshlab Turkish Airlines Istanbuldan Toshkentga haftasiga 17 marta, Samarqandga 4 marta, Fargʻonaga 3 marta parvoz qiladi. 16-maydan boshlab Istanbul — Urganch yoʻnalishida haftasiga ikki marta qatnovlar amalga oshiriladi, deya xabar beradi kompaniya.

Bungacha Uzbekistan Airways Buxoro — Istanbul yoʻnalishi boʻyicha parvozlar yoʻlga qoʻyilgani haqida maʼlum qilgan edi. Parvozlar 15-maydan boshlab haftada ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Avvalroq Spot Aeroflot 20-maydan boshlab Moskva — Toshkent yoʻnalishi boʻyicha parvozlarni tiklashi haqida xabar bergan edi.