Hukumat qarori bilan paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda koʻchma generatorlar kabi uskunalarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Unga koʻra, talabgorlarga 10 gektardan kam boʻlmagan, suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan paxta va boshoqli don ekin maydonlarini sugʻorish uchun:

  • qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalarini sotib olish xarajatlarining 50%igacha, biroq 100 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda;
  • koʻchma generatorlar uskunalarini sotib olish xarajatlarining 30%igacha, biroq 30 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda subsidiya beriladi.

Talabgorlar subsidiya ajratish yuzasidan ariza bilan tuman hokimligiga murojaat qiladi.

Shunga koʻra, hujjatlar murojaat kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunida oʻrganib chiqiladi.

Hududiy ishchi guruh:

  • har 10 kunda talabgorga subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi xulosalarni tushgan kundan eʼtiboran umumlashtirib, tahlil qiladi;
  • subsidiya oladigan talabgorlarning roʻyxatini 1-avgustgacha Suv xoʻjaligi vazirligiga, 20-noyabrgacha Qishloq xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi.

Shunga asosan, vazirliklar tomonidan subsidiyalar tegishlicha 10-avgustgacha hamda 1-dekabrgacha ajratiladi.