Samarqandda yangi ochilgan “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi yiliga 2 mln turistga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Majmua qurilishi 2019-yili Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali bo‘yida, 212 gektar maydonda boshlandi.

Markaz ichida “Congress Hall”, “Boqiy shahar” majmuasi, amfiteatr va ko‘plab boshqa inshootlar bor.

Shu jumladan, dunyoning yetakchi mehmonxonalari ro‘yxatiga kiritilgan 22 qavatli “Samarqand Regency Amir Temur” va yana yettita mehmonxona kiradi.

Markazda shu yilning kuzida O‘zbekistonda ilk bor “Silk road literary festival” bo‘lib o‘tadi.

Yangi turizm markazi kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy sayyohlar sonini 1,5 mlndan oshirishda muhim o‘rin tutadi. Kelgusi besh yilda keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 mlndan 9 mlnga yetkazish maqsad qilingan.

Eng muhimi, turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshadi.


“Spot” avvalroq “Time” nashri O‘zbekistonni sayohat uchun 2022-yilning eng zo‘r joylar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgandi.