Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga 3 mln chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 mln.ga yoki 1,9 baravarga oshgan.

Turistlar oqimining eng ko‘pi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelib, sakkiz oyda bu mamlakatdan 922,7 ming turist kelgan.

Undan keyingi kuchli uchtalikni Qirg‘iziston (821,9 ming) hamda Tojikiston (814,5 ming) egalladi.

O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotgan rossiyalik turistlar esa 316,9 mingni tashkil etdi.

Eng quyi pog‘onani Ispaniya egallab, bu davrda ularning soni 3,1 mingga yetdi.

2022-yilning yetti oyi mobaynida O‘zbekistonga kelgan turistlar soni qariyb 2,5 mln.ni tashkil qilgandi.

Shuningdek, joriy yilda ichki turizm hajmi 5 mln kishidan oshdi. Yil oxirigacha bu koʻrsatkichni ikki barobarga oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari mamlakatda toʻsiqsiz turizmni rivojlantirish va qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yoʻnalishlari belgilanib, turizm sohasidagi tadbirkorlarni rag’batlantirish kabi ishlar amalga oshiriladi.