Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadda kelgan xorijliklarning soni 2,4 mln.ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi maʼlum qildi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,2 baravarga oshdi.

Turistlar oqimining eng ko‘p qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi. Yetti oy mobaynida bu mamlakatdan 716,7 ming turist kelgan.

Keyingi uchlikda Qirg‘iziston (675,1 ming) hamda Tojikiston (637 ming) turibdi.

Iyul oyida Oʻzbekiston rossiyaliklarning xizmat safari bilan eng koʻp boradigan hududiga aylanib, Rossiyada mashhur xorijiy yoʻnalishlarning TOP-3 roʻyxatiga kirgandi.

Rossiyadan kelgan turistlar soni 247,2 mingni tashkil etib, Hindiston va Fransiyadan kelgan sayyohlar soni mos ravishda 5,2 mingga yetdi.

Eng kam turist keluvchi davlatni Ispaniya tashkil etib, yetti oyda 2,5 ming nafar ispaniyalik O‘zbekistonga kelgan.

O‘zbekistonga kelgan xorijliklarning 2,2 mlni qarindoshlarini yo‘qlab kelgan bo‘lsa, 169,8 ming kishi dam olish maqsadida kelgan.

Shuningdek, 44,4 ming kishi davolanish, 36,8 mingi xizmat yuzasidan,9,1 mingi tijorat hamda 2,4 ming kishi o‘qish maqsadida kelgan.


Avvalroq “Spot” mehmon uylarini ochmoqchi bo‘layotgan tadbirkorlar kreditlari qisman qoplab berilishi haqida yozgandi.