2022-yilda ichki turizm hajmi 5 mln kishidan oshdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi ma’lum qildi.

Yil oxiriga qadar mazkur koʻrsatkichni ikki barobarga koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekiston boʻylab sayohat uchun aholiga bir qator sharoitlar yaratib berilmoqda. Masalan, may oyida oʻzbekistonliklarning ichki sayohat uchun sarflagan xarajatlari “keshbek” sifatida qaytarilishi belgilandi.

Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

  • aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 150 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
  • temir yoʻlda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15%i, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
  • joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15%i, lekin 80 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;
  • teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50%i, lekin 20 ming soʻmdan oshmagan miqdorda;

Bundan tashqari mamlakatda toʻsiqsiz turizmni rivojlantirish va qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yoʻnalishlari belgilanadi. Unga ko’ra, turizm sohasidagi tadbirkorlarni rag’batlantirish kabi ishlar amalga oshiriladi.

Hozirgi kunda joylashtirish vositalari soni 1579 ta, oilaviy mehmon uylari esa 2667 tani tashkil etmoqda.

Shuningdek, mamlakat boʻyicha 1604 ta turkompaniya va turagentlar, 2400 dan oshiq gidlar turistlarga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

Ilgari “Spot” “Time” nashri O‘zbekistonni 2022-yilning eng zo‘r joylari ro‘yxatiga kiritgani haqda xabar bergandi.

Qayd etilishicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar turistlarning sayohatini osonlashtirmoqda.