Ukrainadagi urush Rossiyaga qarshi keng koʻlamli sanksiyalarga, shuningdek, koʻplab xorij kompaniyalarining mamlakatdan chiqib ketishiga olib keldi.

Hatto sanksiyalar ostida qolmagan kompaniyalar ham oʻzgacha senzuraga duchor boʻlishdi, ayniqsa dasturiy taʼminot muhandislari qattiq zarbaga uchradi.

Bu, oʻz oʻrnida, 1,8 mln dan ortiq mutaxassisdan 70 mingga yaqinining dunyo boʻylab tarqalishiga olib keldi. Baʼzilar Estoniyaga, boshqalari esa butun Yevropa boʻylab tarqaldi.

Shu oʻrinda O‘zbekistonga ham Rossiya va Belorussiyadan ko‘plab IT-mutaxassislar ko‘chib kela boshladilar.

“IT Park” ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyi oxiridan beri 6000 ga yaqin mutaxassis Toshkentga kelgan boʻlib, ularning bir qismi AQSh kompaniyalari tomonidan koʻchirilgan.

Masalan, “Exadel” va “EPAM Systems” kompaniyalari “minglab” muhandis-dasturchilarini Minskdan olib chiqib, Toshkentga joʻnatgan.

Shu tufayli, “EPAM” 2021-yilda Oʻzbekistonda 300 ga yaqin kishini ish bilan taʼminlagan boʻlsa, mazkur yilda xodimlari soni 800 kishidan oshdi.

“Exadel"ning esa hozirda 120 dan ortiq mutaxassisi ishlaydi, yil oxiriga qadar yana bir qator xodimlarning koʻchib kelishi kutilmoqda. Kompaniya bu yer bilan bogʻliq katta rejalar tuzgan.

Ekspertlar O‘zbekistondan IT-xizmatlar eksportining o‘sishini joriy yil voqealari oldidan boshlangan islohotlar bilan bog‘lashmoqda.

Shunga ko‘ra, mutaxassislarning ko‘chirilishi, ko‘p jihatdan, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar fonida jadallashib, u yoki bu tarzda mamlakatda iqtisodiyotning eng ilg‘or tarmog‘ini rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha rejaning bir qismi edi.

Albatta, Toshkent onlayn xizmatlar, avtomatlashtirish, logistika va internet tezligi jihatdan rivojlanishi kerak. Ammo hukumat tomonidan dolzarb muammolarni hal qilish sur’ati nafaqat relokantlarni, balki hozirda sanoatga sarmoya kiritayotgan o‘rta va yirik biznesni ham jiddiy rag‘batlantirmoqda.


Bahodir Ayupov,

“ITPU” universiteti bosh direktori, “IT Park” direktorining xalqaro aloqalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari

O‘zbekiston IT-sanoati hozirda iqtisodiyotning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar “IT Park” hozirda biznes va texnologiya sohasi mutaxassislariga ko‘rsatayotgan yordam uchun asos bo‘ldi.

Bunga bevosita ta’sir ko‘rsatgan amaliy chora-tadbirlardan:

  • yuridik shaxslarning barcha soliqlaridan to‘liq ozod qilish;
  • jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 12%dan 7,5%ga kamaytirish;
  • tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish va chet ellik mutaxassislarni jalb etish tartib-taomillarini soddalashtirilganini keltirish mumkin.

Relokatsiya dasturi vaziyatdan kelib chiqqan holda tuzilgan. Biz xorijliklarning bunday oqimini qabul qilishni rejalashtirmagan edik, lekin kompaniyalardan juda ko‘p sonli arizalar oldik — ko‘plab IT-mutaxassislari bu yerga intilayotgandi.

Shu tarzda “Toshkent Rush” relokantlar dasturi amalga oshdi. Mamlakat rahbariyati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa ko‘plab boshqarmalarning tezkor yordami tufayli raqobatbardosh sharoitlarni ta’minlash imkoni yaratildi.

Natijada sentabr oyi boshida dastur doirasida turli darajadagi 3000 ga yaqin IT-mutaxassislari Toshkentga ko‘chirildi.

Bugungi kunda dasturimizdan 2000 ga yaqin mutaxassis O‘zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ichki tadqiqotlarimizga ko‘ra, umumiy holda O‘zbekistonga 5000−6000 dan ortiq relokantlar kelgan.

Albatta, ularni ko‘chirish jarayonida muammolar ham bo‘ldi. Kadrlar oqimi bizning imkoniyatlarimizdan sezilarli darajada oshib ketganligi sababli, biz tezda yordam berishimiz kerakligini tushundik, ammo noaniqlik tufayli jarayon sezilarli darajada sekinlashdi.

Masalan, biz uy-joy uchun imtiyozli narxlar belgiladik, lekin u yoki bu oila Toshkentda qancha turishini bilmasdik. Yoki boshqa misol. Bizga ba’zi mamlakatlardan charter reyslari taqiqlangan edi, ular uchun bu strategik, nozik masala edi.

Ammo ketishga qaror qilganlar baribir qandaydir yo‘l topdilar. Shu sababli oldimizga charter-reyslar, muntazam reyslarda qo‘shimcha joylarni tashkil qilish masalasi paydo bo‘lgandi.

Bugungi kunda Toshkentda yashash va ishlash uchun qancha relokantlar qolishi masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda, biroq yangi kelganlar oqimi ham to‘xtatilgani yo‘q.

Biz yana bir qancha muhim soddalashtirilgan tartiblarni amalga oshiramiz, shunda Toshkent haqiqatan ham o‘zini Markaziy Osiyoning IT-xabi deb atashi mumkin bo‘ladi.

Ko‘chirish doirasida 68 ta xorijiy kompaniya bizning rezidentimizga aylandi, bu yaxshi ko‘rsatkich, “IT Park"ning butun faoliyati davomida rezident kompaniyalar soni 850 dan oshdi.

Biz bu raqamlar ham relokant kompaniyalar nuqtai nazaridan, ham mahalliy biznes o‘sishining bir qismi sifatida sezilarli darajada oshishini prognoz qilmoqdamiz.

Relokatsiyaning ijobiy tomonlari

Mahalliy miqyosda relokatsiya raqobatga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ko‘plab mahalliy o‘yinchilar eng yaxshi kadrlarini O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishni boshlagan xalqaro va xorijiy kompaniyalarga berib qo‘yayotganlaridan norozi bo‘lishdi.

Ular bizga bu yo‘nalishda bosim o‘tkazishga ham harakat qilishdi, ko‘plab kompaniyalar rasmiy va norasmiy tarzda murojaat qilishdi. Biroq, raqobatni sun’iy ravishda cheklash oxiri yo‘q yo‘l ekanligiga ishonchimiz komil — mahalliy kompaniya mehnat sharoitlarini yaxshilay olmasa, kadrlar bo‘yicha boshqalarga yutqazsa, samarasiz hisoblanadi.

Barcha rivojlangan mamlakat kompaniyalari shunday “omon qolish” yo‘lini bosib o‘tgan — bu mutlaqo normal tendensiya.

Raqamlar IT-sohasining natijalari haqida dalolat beradi. Agar 2019-yilda IT-xizmatlari eksporti $6,2 mln.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilda bu ko‘rsatkich $16,3 mln.ni, 2021-yilda $46 mln.ni, joriy yilning birinchi choragida esa $46−48 mln.ni tashkil etdi.

Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni $100 mln.ga, 2025-yilga kelib $500 mln.ga, 2028-yilga kelib esa $1 mlrd.ga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.


Botir Arifjonov,

“Paynet”, “Instant Payment Solutions” (“Obke.uz”, “Jiydacool” loyihalari), “Astrum” IT-Akademiyasi asoschisi, IT-Park rezidenti.

Relokatsiya haqida gapirishdan oldin, keling, IT-sohasida nima sodir bo‘layotgani va strategik jihatdan nima o‘zgarganiga qaraylik.

Biznesda sodir bo‘lgan ko‘plab o‘zgarishlar biz uchun tanish va odatiy holga aylandi — barchasi ancha soddalashtirildi.

Agar so‘nggi ikki yildagi tendensiya haqida gapiradigan bo‘lsak, IT eng shaffof sanoat bo‘ldi. Bundan besh−olti yil oldin IT soha sifatida ham mavjud emasdi, chunki kompaniyalarni qonuniylashtirish, soliqlarni shaffof to‘lash va xizmatlarni eksport qilish deyarli imkonsiz bo‘lgan.

Albatta, “IT Park"ning paydo bo‘lishi, soliq imtiyozlari, soddalashtirilgan tartiblar bu yo‘nalishdagi biznesni juda jozibali qilib qo‘ydi. IT-mutaxassislarini ko‘chirish punkti sifatida Toshkentga talab yuqori bo‘lganligi ham shundan.

Ha, bozorda bu tajriba o‘sishi uchun katta yutuq, biroq shu bilan birga, mahalliy kompaniyalar uchun yo‘qotish demakdir. Biz yirik kompaniyalar bilan raqobatlashishga majbur bo‘lyapmiz, hamma biznes ham bunga dosh bera olmaydi.

Hozir senior va executive darajadagi IT-mutaxassislarni ishga qabul qilayotganimizda bu tendensiya yaqqol namoyon bo‘lmoqda, bunday xodimlarning oylik ish haqi o‘rtacha ikki-uch barobarga oshdi.

Umuman olganda, ichki biznes tizimi o‘zgarmoqda, jarayonlar avtomatlashtirilmoqda. Demak, nafaqat dasturchilar, balki marketing, mahsulot va sotuvlar bo‘yicha menejerlarga ham katta tanqislik mavjud.

O‘zbekistonda bunday malakali mutaxassislar hozir qo‘shni davlatlarniki bilan teng yoki hatto qimmatroq. Shuning uchun biz “Obke” (yangi marketpleys) loyihamiz uchun jamoaning bir qismini Qozog‘iston, Belarusdan izladik.

Rossiya va Ukrainadan relokatsiya soha bo‘yicha juda ko‘p iste’dodli xodimlarni olib keldi, biz ular bilan ishlashga tayyormiz. Har hafta men kuchli mutaxassislar bilan bir nechta suhbatlar o‘tkazaman, ko‘plarini shtatga qabul qildik.

Hozirda e-commerce va fintech sohasida tajribaga ega java dasturchilari, kiberxavfsizlik va tarmoq yechimlari bilan ishlaydigan mutaxassislarga talab yuqori.

Shu bilan birga, biz mahalliy kadrlarni yetishtirishni, mahalliy ekspertiza bozorini rivojlantirishni rejalashtirmoqdamiz. Bunda IT-ta'lim birinchi o‘rinda turadi, bu yerda biz hukumat bilan birgalikda resurslarni izlab, yo‘naltirmoqdamiz.


Renat Axtyamov,

“EPAM Systems” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari.

EPAM ofislari dunyoning 45 mamlakatida ochilgan, kompaniya uzoq vaqtdan beri o‘zining relokatsiya bo‘yicha “Global Mobility” dasturiga ega.

Uning doirasida biz xodimlarga bir joydan ikkinchi joyga ko‘chib o‘tish imkoniyatini beramiz.

Ofisni yoki xodimlarni Toshkentga ko‘chirishni taklif qilish to‘g‘risida alohida qaror bo‘lmagan.

Biroq, MDH davlatlaridagi kadrlarda ehtiyoj paydo bo‘lgandan so‘ng, biz buni imkon qadar tez va qulay qilishga harakat qildik. Bunda O‘zbekiston taqdim etayotgan yangi imkoniyatlar e’tiborga olindi.

Xorijiy mutaxassislarni ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan tizimi va “IT Park” dasturi tufayli biz qisqa vaqt ichida yashash joyini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan xodimlarimizga samarali yordam bera oldik.

Toshkentdagi ofisimiz doimiy ravishda o‘sib bormoqda, agar uch yil oldin biz 5 ta dasturchi bilan ish boshlagan bo‘lsak, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 800 dan oshdi — ularning yarmidan ko‘pi mahalliy xodimlardir. Ta’kidlash joizki, biz jamoani fevral voqealarigacha ham O‘zbekistonga ko‘chirib kelgan edik.

Misol uchun, o‘tgan yili mahalliy ofisga amaliyot va yo‘nalishlarni ishlab chiqishda yordam berish uchun uch kishi ko‘chib o‘tdi.

Masalan, O‘zbekistonda test amaliyoti rivojlanmagan bo‘lib, tajribali menejerlarsiz kompaniyaga yo‘nalish qo‘yishning iloji yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Keng miqyosda ko‘chirish haqida gapirganda, odamlar bu yerga amalga oshirilayotgan loyihalari bilan kelishdi, ular o‘zlarining funksional vazifalarini bajarishda davom etishmoqda.

Endi biz bu harakatning qo‘shimcha afzalliklarini ko‘ryapmiz: qisqa vaqt ichida mahalliy mutaxassislarni relokantlar bilan integratsiyalash, qo‘shma guruhlar yig‘ish va tajriba almashish jarayonini yo‘lga qo‘yishga erishdik.

Bu “EPAM"ning O‘zbekistondagi ofisi uchun ajoyib imkoniyat hisoblanadi. Biz jamoaning yangi darajaga chiqishi va mahalliy mutaxassislarning ekspertiza sifatiga uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatishiga umid qilamiz.

Ko‘chib o‘tishdagi qiyinchiliklar

Eng qiyini Turkiya va Gruziya bilan raqobat bo‘ldi. Negaki mutaxassislarni ularga mutlaqo notanish yangi tajribani sinab ko‘rishga ishontirish oson bo‘lmadi.

Biz uchrashuvlar o‘tkazdik, hamkasblarimizga O‘zbekiston shart-sharoit bo‘yicha hech qaysi mamlakatdan kam emasligini, bu yer qulayligini, eng muhimi, hukumat darajasida IT-sohasiga jiddiy e’tibor qaratilayotganini aytdik.

Mamlakat rahbariyatining qarorlari iqtisodiyotning innovatsion tarmoqlari uchun hayotiy ahamiyatga ega, albatta, kompaniya sifatida biz buni bevosita boshimizdan kechirganmiz.

Hozir ishonch bilan aytishim mumkinki, xodimlar Toshkentni butunlay boshqacha qabul qilishmoqda.

Bizning reja va vazifalarimiz o‘zgarishsiz qolmoqda, birinchi navbatda, joylashuvimiz o‘sish uchun ochiq, biz Toshkentdagi ofisni kompaniyani jadal sur’atlar bilan harakatga keltiradigan barqaror, yitik inson kapitali bilan ishlay oladigan qilmoqchimiz.

Oldimizda ofisni bir necha ming muhandisga yetkazish, shuningdek, ta’lim sohasidagi ishtirokimizni kengaytirish vazifasi turibdi. Bir nechta universitetlar bilan hamkorlik qilmoqdamiz, u yerda talabalarni o‘qitish va ishga joylashish uchun tayyorlaydigan laboratoriyalarni ishga tushirmoqdamiz.

Bundan tashqari, “IT Park” bilan birga muhandislar, kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar va boshqa talabgir kadrlarni tayyorlaydigan “IT Park University” raqamli universitetini ishga tushirdik.

Eng yaxshi talabalar Yevropa, AQSh va boshqa mamlakatlarda almashinuv dasturlarida qatnashadilar, biz uchun kadrlar sanoatga sarmoya kiritish va kompaniya rivojlanishi uchun ustuvor vazifadir.


Andrey Ten,

“Instant Payment Solutions"da Chief Operations Officer.

Men IT-sohasiga Kembrij universitetida “MBA"ni olgach va “Bain & Company” konsalting kompaniyasida ikki yil ishlagach 2011-yilda o‘tganman.

Avvaliga “KupiKupon” saytida tahlilchi, keyin “eBay Russia"da ishladim, u yerda rossiyalik xaridorlarning tajribasini yaxshilash, mahalliylashtirish va savdo konversiyasini oshirish loyihalari uchun mas’ul edim.

Hikoyamdagi eng qizig‘i — Toshkentga yana qaytayotganimda. Negaki 23 yoshgacha bu yerda yashadim, keyin ko‘chib ketdim. 2015-yilda O‘zbekistonda “Rocket Internet” marketpleysini ishga tushirishda boshqaruvchi direktor sifatida qaytdim.

O‘shanda men bir nechta bo‘limlardan iborat jamoa tuzdim va veb-saytni ishga tushirdim. O‘zining eng yuqori cho‘qqisida saytda kuniga 100 ta buyurtma yaratildi. Bu ko‘rsatkich Sharqiy Yevropa va MDH mintaqasida sayt buyurtma hajmi bo‘yicha Ozarbayjon va Bolgariyadan keyingi o‘rinda turardi.

Loyiha ishga tushirilgandan taxminan olti oy o‘tgach yopildi va men Rossiyaga qaytishga majbur bo‘ldim.

Biz Sankt-Peterburgga ko‘chib o‘tdik, u yerda men “Avito” internet-maydonining operatsion direktori bo‘ldim. Oldimda kompaniyani samaradorlik nuqtai nazaridan keyingi bosqichga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.

Qo‘l ostimda 9 ta bo‘lim bo‘lib, ulardan 4 tasi noldan tashkil etildi. Kompaniyada 80 dan ortiq kishi ishlardi. Taxminan 4 yillik ish davomida sotuvni ko‘paytirish, CRM-tizimini joriy qilish, bo‘limlarni baholash, jarayonlarni optimallashtirish va avtomatlashtirishga erishildi.

“Avito"ni o‘z ichiga olgan “Naspers” xoldingida bizning savdo bo‘limimiz namunali edi, bizga butun dunyodan (Hindiston, Polsha, Ukraina, AQSh) hamkasblarimiz tajribamiz, jarayonlarimiz va savdo mafkuramizni o‘rganish uchun kelishardi.

2021-yilda men “Gett” kompaniyasida Buyuk Britaniya bo‘limining bosh direktori sifatida ishlay boshladim va 2022-yildan boshlab AQSh, Rossiya va Isroil bozorlaridagi savdo jarayonlarining samaradorligi uchun ham mas’ul bo‘ldim.

Shuning uchun, ko‘chib o‘tish masalasi paydo bo‘lganda, men ambitsiyali katta loyihani qidirdim. Fintech, ayniqsa, O‘zbekiston kabi jadal rivojlanayotgan bozorda juda qiziqarli bo‘ldi — men uchun bu qiyin va katta mas’uliyat.

Loyihadagi vazifamni bajargunimcha shu yerda bo‘lishni rejalashtiryapman, bozor juda katta, Rossiya va xalqaro kompaniyalar allaqachon bosib o‘tgan ko‘plab bosqichlar mavjud.

Bu ajoyib hikoya bo‘ladi, men bunga aminman.