“PIRAMIDA TASHKENT” kompaniyasi Savdo-sanoat palatasiga huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Unga ko’ra, kompaniya va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali o‘rtasida pudrat shartnomalari imzolangan.

Biroq, davlat muassasasi tomonidan shartnoma bo‘yicha majburiyatlar lozim darajada bajarilmaganligi natijasida jamiyat oldida 758 mln so‘mga yaqin qarzdorlik vujudga kelgan.

Qarzdorlikni undirish yuzasidan vujudga kelgan nizoli masalani o‘zaro tinch yo‘l bilan hal etish maqsadida, Palata tomonidan taraflar o‘rtasida sudgacha nizoni hal etish jarayoni o‘tkazilgan.

Ammo, nizoni o‘zaro kelishish orqali hal etish imkoni bo‘lmaganligi sababli, Palata tomonidan o‘z a’zosi manfaatida tegishli sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilingan.

Mazkur ish Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqildi.

Natijada Palataning da’vo talablari qanoatlantirilib,Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali hisobidan jamiyat foydasiga qarzdorlik summasi undirib berildi.

Sentabr oyida Biznes-ombudsman qoraqalpog‘istonlik tadbirkorga 669 mln so‘m undirib bergandi.

Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlarning huquqiy himoyasi bo‘yicha farmon loyihasini taqdim etdi.