Qoraqalpog‘istonda faoliyat ko‘rsatuvchi “Business” kompaniyasi (nomi o‘zgartirilgan) shartnoma bo‘yicha to‘lovlarni ta’lim muassasasidan undirishda qiyinchiliklarga duch kelib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya va Ellikqal’a tumanidagi ta’lim muassasasi o‘rtasida obyektni joriy ta’mirlash to‘g‘risida shartnoma tuzilgan.

Shartnomaga muvofiq belgilangan ishlar to‘liq bajarilganligiga qaramasdan, to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan Beruniy tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilgan.

Sudning hal qiluv qarori bilan Ellikqal’a tumanidagi ta’lim muassasasi hisobidan jamiyat foydasiga 669 mln so‘mlik qarzdorlikni undirish belgilandi.

Prezindent qarori bilan biznes-ombudsman va uning apparatiga tadbirkorlarning bir qator huquqlari buzilganligi uchun maʼmuriy ishlarni koʻrib chiqish, shuningdek, ularga nisbatan jarima solish huquqi berilgandi.

Unga koʻra, biznes-ombudsman oʻrinbosari va uning devonining bosh inspektorlari ham ushbu ishlarni koʻrib chiqish va uning nomidan jarima solishga haqli.

Avvalroq, davlat rahbari qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

Unga ko‘ra, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun hududda foyda solig‘i stavkasi 15%dan 7,5%ga tushiriladi.

Aylanma soliq stavkasi Nukus shahrida 4%dan 2%ga, tumanlarda 2%dan 1%ga, olis hududlarda esa 1%dan 0,5%ga pasaytiriladi.