Samarqanddagi ayrim avtobuslarga videoregistrator uskunalari o‘rnatildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligining matbuot xizmati.

“Ayrim haydovchilar bekatlarda to‘xtash mumkin emasligiga amal qilmasdan jamoat transportiga halal beryapti. Shu sabab shaharda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan aksariyat avtobuslarga mazkur uskunalar o‘rnatildi,” — deydi viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozov.

Unga ko‘ra, avtobuslar ham yo‘llardagi qoidabuzarliklar videosini tizimga joylashtirib boradi.

Avvalroq Farg‘onadan Samarqandga Tojikiston orqali avtobus qatnovini qo‘yish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.

Shuningdek, joriy yilning aprel oyida Samarqand shahriga joriy yilda 80 ta, 2023-yili esa 100 ta elektrobus xarid qilinishi haqida xabar berilgandi.

Shaharda 40 ta yangi marshrut, jumladan 5 ta tezkor yoʻnalish ishga tushiriladi va 102 ta yangi bekat qoʻshiladi.