2022-yilda Samarqandda elektrobuslar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Bu haqda prezidentga shahar jamoat transportini rivojlantirish dasturi taqdimotida maʼlum qilindi.

Yil boshida qabul qilingan Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasida Samarqandni milliondan ortiq shaharga aylantirish vazifasi belgilangan. Aholi sonining oʻsishi va sayyohlar oqimi shaharning transport tizimi va yoʻl tarmogʻini qayta koʻrib chiqishni talab qiladi.

Qulay va ishonchli jamoat transporti yoʻqligi sababli samarqandliklar va mehmonlarning aksariyati shaxsiy avtomobillarda shahar boʻylab sayohat qilishadi. Taqdimotda qayd etilishicha, shaharda 300 ga yaqin avtobus yetishmaydi.

Xorijiy ekspertlar bilan birgalikda transport tizimi boʻyicha qator gʻoyalar tayyorlandi. Uni asosiy, taʼminot va ichki liniyalarga boʻlish taklif etiladi. Shaharda 40 ta yangi marshrut, jumladan 5 ta tezkor yoʻnalish ishga tushiriladi va 102 ta yangi bekat qoʻshiladi.

Yoʻnalishga katta sigʻimli avtobuslar keltirilib, ular uchun markaziy koʻchalarda alohida yoʻlaklar tashkil etiladi. Bundan tashqari, joriy yilda 80 ta, 2023-yilda yana 100 ta elektrobus xarid qilish rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev aholining harakatchanligini taʼminlashda jamoat transporti muhimligini taʼkidladi. Yoʻllarni kengaytirish tirbandlik muammosini hal etmaydi, dedi u.

Davlatimiz rahbari yoʻl infratuzilmasi sohasidagi loyihalar bilan ham tanishdi. Shaharda 160 km yoʻlni taʼmirlash, 5 ta yoʻl oʻtkazgich qurish rejalashtirilgan. Prezident topshirigʻiga koʻra 49 ta chorrahada harakatlanishni raqamli nazorat qilish yoʻlga qoʻyiladi.

2021-yilda Samarqand Oʻzbekistonda birinchi boʻlib YeTTBning “Yashil shaharlar” dasturiga qoʻshildi. Xususan, elektrobuslarga sarmoya kiritilishi kutilmoqda.