Prezident hisobotlarni taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartiblari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Unga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan boshlab tijorat banklariga yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, yuridik shaxslar elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta’minoti, oqova suv va telekommunikatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shu bilan birga, 2023-yildan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

Yuridik shaxslar tomonidan 2022-yildan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda soliq summalari to‘g‘risidagi arxiv hujjatlarini saqlash va arxivlarga topshirish majburiyati bekor qilinadi.

Bundan tashqari ular joriy yildan elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyatidan ham ozod etiladi.

Avvalroq rezident tadbirkorlarga oid hujjatni imzolagandi. Unga ko‘ra, yuridik shaxslar Yagona portal orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishi hamda istalgan shaxs yangi import avtomobillarini sotishi mumkin.