Avvalroq, davlat rahbarining tegishli farmoni bilan bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirilgandi.

Shu bilan birga, Shavkat Mirziyoyev raisligida ma’muriy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2023-yildagi eng muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Xususan, sanoatda 5%dan, qishloq xo‘jaligida 3%dan va xizmatlar sohasida 14%dan ziyod o‘sishga erishish maqsadi belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga biznes uchun sharoitlarni yaxshilash hamda soliq bazasini kengaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga yirik tarmoqlarda natijadorlikni oshirish, sanoat bormagan tumanlar salohiyatini o‘rganib, ularning “o‘sish nuqtalari"ni ishga solish vazifalari qo‘yildi.

Iqtisodiyotni faqat investitsiya va eksport oldinga tortishi, kelgusi yil eksport hajmini $23 mlrd.dan oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Umumiy qiymati $8 mlrd.lik 300 dan ziyod loyiha ishga tushirilishi va yana 40 ta yangi yirik loyiha boshlanishi qayd etildi.

Transport sohasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini yaxshilash, barcha yo‘llarning raqamli xaritasini ishlab chiqish, yo‘llarda servisni ko‘paytirish choralari belgilandi.

Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, ilm-fan, turizm, madaniyat va sportni rivojlantirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Sog‘liqni saqlash va farmatsevtikada korrupsiyani yo‘q qilish, davlat qaramog‘iga muhtoj bemorlar bilan tizimli ishlash zarurligi ta’kidlandi.

“Vazirlar izlanishi, butun tizimi bilan amalda o‘zgarish qilishi kerak. Hammamiz oddiy va fidoyi bo‘lib, xalqni sevib, qattiq mehnat qilishimiz zarur. Pirovard maqsadimiz — xalqimizni rozi qilish”, — dedi prezident.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnoma bilan chiqqandi.