Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari quyidagi 2 yo‘nalish bo‘yicha sarflanadi:

  • 75%i barcha davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot, farmatsevtika va boshqa xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga;
  • 25%i tibbiyot muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, modernizatsiya qilish hamda ta’mirlashga.

Tibbiyot muassasasi xodimlariga moddiy rag‘batlantirishning quyidagi turlari qo‘llaniladi:

  • tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100%igacha hamda boshqa xodimlarga 75%igacha oylik ustamalar;
  • yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 mln so‘mgacha maxsus oylik ustamalar;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30%igacha oylik qo‘shimcha ustamalar;
  • tibbiyot muassasalari barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek moddiy yordam pullari.

Qayd etilishicha, oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.


Avvalroq “Spot” shifokorlarga qo‘shimcha ustama to‘lanadigan hududlar ro‘yxati tasdiqlangani haqida yozgandi.