Jahon Banki O‘zbekiston bilan mamlakatda “Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha Jahon Banki vakillari bilan O‘zbekiston tomoni o‘rtasidagi uchrashuvda ta’kidlandi.

Xususan, tomonlar mazkur loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha muhokamalar olib bordi.

“Uzbekistan Digital Inclusion” loyihasi ishsiz yoshlar va ayollarning raqamli infratuzilma va ko‘nikmalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Loyiha “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturiy yondashuvning birinchi bosqichi ekanligi ta’kidlanmoqda.

Avvalroq, Jahon banki O‘zbekistonga umumiy miqdori $950 mln bo‘lgan kredit ajratishi xabar berilgandi. Mablag‘lar ijtimoiy himoya tizimi va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda xususiy sektordagi ayollarga tug‘ruq nafaqalarini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari bank, Toshkent va Sirdaryoda qurilishi belgilangan umumiy qiymati $46,5 mlnlik elektr uzatish tarmoqlari loyihasini ham moliyalashtiradi.