“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tomonidan Toshkent va Sirdaryoda yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender savdolari yakunlanib, g‘olib kompaniyalar aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Turkiyaning “ŞA-RA ENERJĪ” kompaniyasi $31,8 mln miqdoridagi taklif etilgan narx bilan uzunligi 213 km bo‘lgan 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Shuningdek, $14,6 mln miqdoridagi taklif etilgan narx bilan Xitoyning “Xian Electric Engineering” kompaniyasi uzunligi 72 km bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Bu bo‘yicha kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazildi hamda shartnomalar imzolandi. Loyiha “Jahon banki” tomonidan moliyalashtirilib, 2022−2024-yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

elektr uzatish tarmoqlari, tender, turkiya, xitoy

“U Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrining elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligiga, energotizimning Toshkent qismida magistral elektr tarmoqlari yuklamalarining kamayishiga va ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatining talablarga mos bo‘lishiga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, O‘zbekistonda uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tender g‘oliblari aniqlandi. Unga ko‘ra, Buxoroda BAAning “Masdar” kompaniyasi, Namanganda Xitoyning “GD Power — Powerchina” konsorsiumi, Xorazmda esa Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi stansiya qurishi ma’lum qilindi.