Markaziy bank banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, filialga ega bo‘lmagan bank yoki bank filialini banklararo to‘lov tizimiga ulash uchun belgilangan qoidalar amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirildi.

Shuningdek, bankning vakillik hisobvarag‘ida mablag‘lar yetishmovchiligi yuzaga kelgan taqdirda, banklararo hisob-kitoblarning kliring to‘lov tizimlari ma’lumotlari asosida to‘lovlar amalga oshirilgan pullar overdraft sifatida e’tirof etilishi ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga vakillik hisobvarag‘ida overdraft yuzaga kelgan bankning Markaziy bank hisob-kitoblar kliring tizimi va Tezkor to‘lovlar tizimi orqali operatsiyalari vakillik hisobvarag‘ida ijobiy qoldiq shakllangunga qadar to‘xtatilishi qayd etib o‘tildi.

Bungacha Markaziy bank tomonidan “Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risida"gi yo‘riqnomani qabul qilgandi.

Mazkur hujjat bank hisobvaraqlarini ochishni va ularni yuritishni tartibga soluvchi hujjatlardagi hamda bank hisobvaraqlarini ochishda xalqaro tajribaga muvofiq biznes jarayonlarni raqamlashtirishni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan.

Ushbu yo‘riqnoma bilan 2023-yil 1-maydan boshlab, ta’sischilari O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tardbirkorlarga bank hisobvaraqlarini nafaqat davlat ro‘yxatidan o‘tish jarayonida, balki faoliyati davomida ham bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishga ruxsat beriladi.

Bu bo‘yicha 2022-yil 10-noyabrda tijorat banklariga yuridik shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga bank hisobvarag‘ini masofadan turib ochishga ruxsat berish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.