Ishga qabul qilishning asosiy bosqichlaridan biri — bu suhbat. Agar siz suhbatga taklif olgan bo‘lsangiz bu yaxshi. Lekin, suhbatga ham tayyorgarlik ko‘rib borish zarurligini bilasizmi? Qanday qilib deysizmi?

Aslida ishga qabul qilinishdagi har bir jarayon ish beruvchi uchun ham, ish izlovchi uchun ham juda muhim.

Mutaxassislarning fikricha, nomzodlar vaziyatga bir nuqtai nazardan qarasa, ish beruvchilar boshqa nuqtai nazardan qaraydi.

Shuning uchun ham ish beruvchilar ishchi qidiruvi davomida muvaffaqiyatsiz xodimga duch kelmasliklari uchun nomzodlarni ehtiyotkorlik bilan tanlashadi va har tomonlama tekshirishadi.

“Spot” ish uchun suhbatda yo‘l qo‘yiladigan xatolar va ularni bartaraf etish uchun nimalar qilish zarurligi bo‘yicha maqolalar turkumini yo‘lga qo‘ymoqda.

Birinchi materialimizda IT bo‘yicha ish izlovchilarning suhbat davomida yo‘l qo‘yadigan xatolari haqida so‘z yuritamiz.

Bunda, tayyorgarlik ko‘rish va o‘zingizni ishonchli his qilishingizga yordam beradigan keng tarqalgan xatolar ro‘yxatini tuzdik.

IT-sohasi bo‘yicha mutaxassislarning ish uchun suhbatlarda yo‘l qo‘yadigan xatolari haqida ekspert “Furor Progress” kompaniyasining IT-direktori Timur Otajonov so‘zlab berdi.


it-mutaxassislar, suhbatdagi xatolarTimur Otajonov,

“Furor Progress” kompaniyasining IT-direktori.

Har qanday sohada nomzodlar oshkora va xufyona ravishda texnik, psixologik, insoniy kabi turli testlardan o‘tqaziladi.

IT-sohasi bundan mustasno emas. Nomzodga suhbat payti salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p uchraydigan holatlarni professional va shaxsiy hislatlarga bo‘lish mumkin.

Ular ham o‘z navbatida quyidagicha ajraladi:

Professional hislatlar:

  • bilim sayozligi;
  • zamonaviy trendlardan bexabarlik;
  • mustaqil tajriba yo‘qligi.

Shaxsiy hislatlar:

  • nutq betartibligi, kiyinish madaniyatining pastligi;
  • o‘ziga ishonchsizlik yoki o‘ta yuqori baho berish;
  • fikrini to‘g‘ri bayon eta olmaslik.

Bilimning sayozligi

IT-sohasi aqliy mehnat talab etishi sababli, fundamental va sohaviy bilimlarni yaxshi o‘zlashtirish lozimligi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Bilimning sayozligi ko‘p hollarda masalaga yuzaki qarash odatidan bo‘lishi mumkin.

Hech bo‘lmaganda qaysidir yo‘nalishni chuqur o‘zlashtira olgan nomzod, barcha sohadan “mundarija” o‘qib chiqqan nomzoddan afzalroqdir.

Tangani ikkinchi tarafi, chuqur bilimga ega bo‘lish qunt talab etadi, qunt qila oladigan odam berilgan vazifani oxirigacha yetqazishda ham qiynalmaydi.

Bu esa ish beruvchilar qadrlaydigan eng asosiy hislat.

Nima qilish mumkin? Yangi mavzuni o‘rganishda imkon qadar bir-nechta manbalardan foydalanish zarur. Bu ko‘p qirrali ma’lumotlar yig‘ish imkonini beradi.

Texnik matnlarni o‘qishga va uni tushinishga harakat qilish kerak. Qunt bilan o‘qish odatini shakllantirish uchun, eng ko‘p qiziqtiradigan mavzulardan boshlagan ma’qul.

Har bir mavzu oxirigacha uqib tugallanishi, shuningdek, to‘liq tushunmagan joylarni qaytadan o‘qish yoki boshqa manbalardan izlanish kerak.

Zamonaviy trendlardan bexabarlik

Yangi bilimlarni o‘rganishga harakat — IT-sohasida hozirgi kunning raqobatbardoshlik talabi.

Bu kreativ fikrlashni oshiradi hamda muammoli holatlarga yechim topishda ancha vaqt tejaladi.

Nima qilish mumkin? Yangi texnologiyalar haqida ma’lumotlar ulashib turuvchi kanallarga a’zo bo‘lish kerak.

Bunda eng muhimi ma’lumotlar kolleksioneri lixoradkasidan ehtiyot bo‘lish kerak. A’zo kanallar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha o‘qilmaslik ehtimolligi oshadi.

Rus va ingliz tilini biladiganlarga mutolaa uchun habr.com va medium.com larni taklif qilardim.

Mustaqil tajribaning yo‘qligi

IT-sohasida guvoh bo‘lgan holatim shuki, oliygohlarda va o‘quv kurslarida tahsil olib kelgan nomzodlardan ko‘ra “Self-study” orqali bilim olgan mutaxasis ancha ijobiy natijalarni ko‘rsatib kelmoqda.

Sababi, mustaqil harakat qilishga o‘rgangan odam odatda o‘ta izlanuvchan bo‘ladi hamda ish jarayonida kelib chiqadigan muammolarni yechishda yanada ko‘proq izlanadi va aksi — ko‘pincha bilimni tayyor “chaynalgan” holda qabul qilishga o‘rganib qolgan bitiruvchilar bunday “challenge"larga tayyor bo‘lishmaydi.

Oliygohlarda bilim olayotgan aka-ukalarimiz mustaqil izlanish bilan astoydil shug‘ullanishsa ancha yuqori darajalarga erishishadi.

Nima qilish mumkin? Fikrimcha, har bir IT-mutaxassisning o‘zining “Pet” loyihasi bo‘lishi kerak. Bunday loyihalar ko‘p hollarda notijorat va foyda keltirmaydigan dasturlar bo‘lishi mumkin, lekin mustaqil ish uchun yaxshi tajriba bo‘ladi.

Bundan tashqari kichik startap loyihalarda qatnashish ham katta tajriba beradi.

Nutqning betartibliligi

Nutq ravonligi, kiyinish odobiga rioya qilish ishda ham tartib mavjudligidan dalolat beradi.

Ayniqsa IT-sohasida tartib-qoida yo‘qligi mahsulot sifatining pasayib ketishiga olib keladigan omillardan biri.

Sohada ishlaydiganlarga yaxshi ma’lum, yaratilgan tizim kengaygan sari uni boshqarish (tech support) masalasi murakkablashib boradi.

Aniq tartibga rioya qilingan holda tuzilgan tizim, bunday masalalarda qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Nima qilish mumkin? Nutqni rivojlantirishning yo‘llari judayam ko‘p. Kitob o‘qish, onlayn-oflayn meetup, standup’larda qatnashish (tinglovchi bo‘lsa ham), tajribali speakerlar ma’ruzalarini tinglash.

Ko‘proq og‘zaki va yozma muloqot qilish, dars berish kerak.

O‘ziga ishonchsizlik yoki o‘ta yuqori baho berish

Kibr barcha sohada rivojlanishga to‘sqinlik qiladigan hislat. Va aksi, o‘ziga ishonchi yo‘q xodimlar kerakli vaqtda to‘g‘ri yechim topishda qiynaladi.

Har ikkala hislat egalari aravani olg‘a tortishga to‘sqinlik qiladi. O‘zini obyektiv baholay olish nomzodlar uchun yaxshi hislat.

Nima qilish mumkin? Ishonchsizlik birinchi muvaffaqiyatli natijaga erishish bilan davolanadi. Shu natijaga erishmaguncha urinishdan to‘xtamaslik kerak.

Natijaga erishgandan keyin esa, bu bir kichik cho‘qqiligini, bundanda baland cho‘qqi kutib turganini esdan chiqarmaslik kerak. Zotan bunday cho‘qqilarni soni va chegarasi yo‘q.

Mavzuga doir: O‘zbekistonlik ish izlovchilar rezyumesida eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar.

Fikrini to‘g‘ri bayon eta olmaslik

IT-sohasi jamoaviy ish, bunda debat, brainstorm kabi barcha turdagi muhokamalar o‘z o‘rniga ega.

Shu jarayonda fikr almashinuvi aniq va ravshan bo‘lishi kerak. Tushunmovchilik oqibatida mahsulot va kutilgan natija o‘rtasida jiddiy nomutanosiblik holatlari uchrashi tayin.

Nima qilish mumkin? Debatlarda ko‘proq qatnashish fikr almashinuvini yaxshilaydi. Fikr 100% to‘g‘ri yetqazilganligiga ishonch hosil qilishni odat qilish kerak.

Foyda beradigan shaxsiy uslublarimdan: shubxali holatlarda qo‘shimcha savol-javob qilish yordam beradi.

Davralarda fikr almashinuvi oxirida yakuniy xulosa qilib, qatnashuvchilar qanchalik tushunganligi aniqlanadi.