Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida xorijdan kelgan posilkalarni onlayn tasdiqlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu haqda platforma matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmatdan portalning “Bojxona” bo‘limida foydalanish mumkin. Uning yordamida fuqarolar Bojxona qo‘mitasi oldida xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini o‘z nomiga rasmiylashtirganliklarini tasdiqlashlari mumkin bo‘ladi — masalan, marketpleyslarda tovarlarga buyurtma berishda.
Kuryerlik jo‘natmasi yetib kelgandan so‘ng, u kimning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, o‘sha foydalanuvchi Yagona portaldagi shaxsiy kabinetida xabarnoma (push) oladi. Unda jo‘natma haqidagi asosiy ma’lumotlar, jumladan, nomi, narxi va og‘irligi ko‘rsatiladi.
Portal orqali foydalanuvchilar jo‘natmani rasmiylashtirish haqidagi ma’lumotni tasdiqlashlari yoki, agar ular buyurtma bermagan bo‘lsa yoki bildirishnomada xatolik mavjud bo‘lsa, rad etishlari mumkin.
Ta’kidlanishicha, yangi xizmat quyidagi imkoniyatlarni beradi:
- tovarlarning foydalanuvchi nomiga begonalar tomonidan yuborilishining oldini olish;
- bojxona jarayonlarini jadallashtirish;
- kelgan posilkalarning qiymati, tarkibi va massasini onlayn tekshirish.
2025-yil oxirida Yagona portalda “Xalqaro pochta” bo‘limida xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini kuzatish funksiyasini yangiladi.
Joriy oyda posilkalar uchun boj olinmaydigan limit qoldig‘i haqida avtomatik ravishda yangilanadigan ma’lumotlar foydalanuvchilarga taqdim etildi.
Avvalroq Spot xalqaro pochta jo‘natmalari bojxona nazoratida xavf darajasiga qarab rasmiylashtirilishi haqida yozgandi.