Har yili milliy kitobxonlik harakati o‘tkazilib, g‘oliblarga pul mukofoti beriladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli farmoyishi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yildan har yili umumtaʼlim maktablarida o‘qiyotgan yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy kitobxonlik harakati o‘tkaziladi.
Dastur har yili 3 bosqichda amalga oshiriladi.
1-bosqich kitobxonlikharakati.uz elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan holda onlayn, 2- va 3-bosqichlar esa bevosita ishtirok etish formatida viloyat va respublika darajasida o‘tkaziladi.
Dasturda ishtirokchilar 3 ta yosh toifasida ishtirok etib, belgilangan tartibda saralanadi.
Yuqori sinf toifalari — 6−8 va 9−11-sinflar bo‘yicha g‘olib hamda sovrindorlar katta miqdordagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Har bir toifada 1-o‘rin sohiblariga $50 ming, 2-o‘rin sohiblariga $30 ming, 3-o‘rin sohiblariga esa $15 ming va diplom topshiriladi.
Shuningdek, 5 ta qo‘shimcha nominatsiya g‘oliblarining har biri $10 mingdan pul mukofoti oladi.
Barcha g‘olib va sovrindorlarga maxsus sertifikat va diplomlar ham beriladi.
Aprel oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan oyiga 10 mingdan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha imtiyozli qarz berilishi belgilangandi. Joriy yildan boshlab DXSH asosida umummilliy yoshlar festivali o‘tkazib boriladi.
Spot, avvalroq, 2025-yilning biznes, iqtisodiyot va texnologiyalar haqidagi eng yaxshi kitoblarini taqdim etgandi.