Mehnat bozorida tajribali, iste’dodli mutaxassislarning ko‘pligi, raqobatni, ish beruvchilar uchun esa nomzodlarga nisbatan talablarni oshirishga asosiy sababdir.

Shunday ekan, kerakli lavozim, kerakli ishga ega bo‘lish uchun har bir bosqich va har bir detal ahamiyat kasb etadi. Oddiygina rezyume ham sizning tajribangizdan hikoya qilishini bilasizmi? Ha, shunday.

Bugun ish beruvchini hisobot ko‘rinishidagi ma’lumotlar qiziqtirmaydi. Rezyumengizdanoq sizning ham hayotiy, ham kasbiy, ham ijodiy faolligingiz sezilib turishi zarur.

Mutaxassislarning fikricha, yaxshi yozilgan rezyume qaror qabul qilish jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

“Spot” ish izlovchilar rezyumesida eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolar haqida hikoya qiladi.


Grammatik qoidalarga amal qilmaslik

Qaysi tilda, qanday ish uchun bo‘lmasin nomzod o‘zining til bilish me’yorlariga amal qilishi zarur: rezyumeda ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xatolardan biri — bu albatta, grammatik qoidalarga amal qilmaslik.

Chunki siz aynan rezyumengiz orqali ish beruvchida birinchi taassurotni uyg‘otasiz va bunda o‘ziga xos yondashuv juda muhim.

“Furor Progress” IT-kompaniyasi direktori Yekaterina Xoldorovaning fikricha, elementar grammatik qoidalarga amal qilmaslik holati juda ko‘p uchraydi.

Uning ta’kidlashicha, tavsiyanoma ham ba’zan rezyumening o‘zidanda ko‘proq ma’noga ega bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, bu tajriba va diplom kabi muhim emasdir, biroq ba’zida, yomon grammatika yoki yozish uslubi ham nomzodga nisbatan salbiy fikrni yuzaga keltirishi mumkin.

“Person Hunters” asoschisi va boshqaruvchi hamkori Yuliya Yakovleva fikricha grammatik xatolar va yomon ish tavsiflaridan qochish kerak.

Ma’lumotlarni to‘ldirishdagi noaniqliklar

Rezyumeda nomzodning tajriba, ko‘nikma, fazilat (ham kasbiy, ham shaxsiy) va yoshga doir ma’lumotlari ahamiyatga molikdir, deydi Yekaterina Xoldorova.

Yuliya Yakovleva esa ish izlovchilar rezyumelarida ko‘pincha aloqa ma’lumotlari, eski telefon raqami yoki ishlamaydigan pochta ko‘rsatilgan ma’lumotlar ko‘proq uchrashini ta’kidlaydi.

“Rezyumeni o‘rganishda, birinchi navbatda, biz batafsil va malakali to‘ldirishga e’tibor beramiz. Ariza beruvchi o‘z vazifalaridan tashqari, o‘zining yutuqlarini, shuningdek, bilim va ko‘nikmalarini ko‘rsatishi muhim”, — deydi u.

Tajribaning juda keng va noaniq tavsifi ham salbiy natijaga olib kelishi mumkin. O‘qish uchun qulay hajm 2 sahifani tashkil etadi.

Bu esa amaliyotda nomzodga o‘zi haqida aytib berishi uchun yetarli ekanini ko‘rsatadi.

HR-mutaxassisi Ozlyam Yusupovaning ta’kidlashicha, rezyume ma’lumotlarini har tomonlama tahlil qilish insonning shaxsiy xususiyatlarini, uning o‘ziga va ish beruvchiga bo‘lgan munosabatini, shuningdek, o‘ziga bo‘lgan hurmatning yetarliligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, “yutuqlar” bandi nomzodni suhbatga taklif qilishda har doim yordam beruvchi omil hisoblanadi. Chunki ular insonning psixologik portretini, hayotiy maqsadlari va qadriyatlarini tushunish uchun zarur ma’lumotlarni taqdim etadi.

Demak, nomzod sifatida shaxsiy ma’lumotlar qatorida erishilgan yutuqlarga ham ahamiyat berish kerak.

Ish tajribasi va ko‘nikmalarni yozishdagi kamchiliklar

Shaxsiy ma’lumotlar bilan birga nomzodning ish tajribasi ham ahamiyatga ega. Chunki xohlaysizmi yo‘qmi, siz rezyumengizni topshirgan kompaniya ish tajribangizga va faoliyatingizga qiziqadi.

“Odatda ma’lum bir kompaniyada xodim sifatida uzoq muddat ishlash muhim rol o‘ynamaydi, chunki ish joylarini o‘zgartirish uchun juda ko‘p sabablar bo‘lishi mumkin”, — deydi Yekaterina Xoldorova.

Ammo agar nomzod har yoki ikki oyda bir joydan ikkinchi joyga “sakrab tursa”, demak, bu haqiqatan ham juda xavotirlidir.

Yuliya Yakovleva ish tajribasi va diplomga ega bo‘lish rezyumeni ish beruvchi uchun yanada jozibador qilishi, biroq yaqinda diplomga ega bo‘lish avvalgidek muhim rol o‘ynamasligini ta’kidlamoqda.

Uning fikricha, ish tajribasi va tillarni bilish muhimroqdir. Shuning uchun ham rezyumening bu qismlarini aniq va to‘liq to‘ldirish kerak.

Ozlyam Yusupova ham ish tajribasi asosiy komponent ekanligini ta’kidlamoqda. Uning fikricha, nomzod tajribasi ariza beruvchining oxirgi ish joyiga qarab baholanadi.

Qo‘shimcha qilishicha, rezyumeda ish staji va ta’lim darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yo‘qligi yoki noto‘g‘ri bo‘lishi ish beruvchiga va uning vaqtiga nisbatan hurmatsizlik belgisidir.

“Mas'uliyatlar ro‘yxati o‘rniga oldingi ishda erishilgan natijalarning batafsil ro‘yxatini tuzish kerak”, — deydi “BDG” boshqaruvchi hamkori, “Home Alliance Academy” bosh menejeri Hilola Mo‘minova.

Shunday ekan, ko‘pgina kompaniyalar uchun hal qiluvchi omil arizachining tajribasi va shaxsiy fazilatlari hisoblanadi.

Fotosurat tanlashdagi yondashuv

Rezyume tayyorlashda yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish kerak — bu fotosurat. Ha, garchi bu oddiy ko‘rinsada ammo ish beruvchida dastlabki taassurotni uyg‘otuvchi yana bir omildir.

“Yaxshi biznes uslubidagi fotosurat sizning rezyumengizga ishga yollovchini jalb qiladi”, — deydi Yuliya Yakovleva.

Buning uchun albatta professional fotograf bilan bog‘lanish shart emas, lekin rezyumega selfi, ziyofat yoki ta’tildan olingan fotosuratni biriktirish ham to‘g‘ri kelmaydi.

Hilola Mo‘minova ham bu fikrlar kabi hujjatlarga mos keladigan fotosuratdan foydalanishni tavsiya qilmoqda. Ozlyam Yusupovaning fikricha, muvaffaqiyatsiz fotosurat rezyumeni tekshirish jarayonida muhim rol o‘ynaydi.

Yekaterina Xoldorova esa fotosuratni nomzodning fazilatlari bo‘yicha oxirgi o‘rinda, deya hisoblaydi.

“Ehtimol, yuz insonning xarakteri haqida biror narsa taklif qilishi mumkin, lekin har bir kishi tashqi ko‘rinish aldamchi ekanligini biladi. Shunday qilib, bu shunchaki yoqimli qo‘shimchadir, lekin boshqa narsa emas”, — deydi u.


Shuningdek, mutaxassislar rezyumeni to‘liq, qisqa va aniq qilib yozish kerakligini ta’kidlamoqda.

Bundan tashqari, kerakli ish haqining mavjudligi nomzodning o‘z mahoratini baholash qobiliyatini ko‘rsatadi va mutaxassislar profilining ajralmas qismi hisoblanadi.

Shuning uchun ham biron bir ishga hujjat topshirishda bu jihatlariga ham ahamiyat berish zarur.