Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti navbatdan tashqari sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlari va hamkorlik rivojlanib borayotgani haqida qayd etildi.

Mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va tezlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston va Vengriya korxonalarining kooperatsiyasi uchun ishlab chiqarish maydonini tashkil etish muhokama qilindi.

Yil boshida Toshkentda Vengriya kompaniyalari uchun sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Bo‘lajak sanoat zonasining aniq joylashuvi va chegaralarini mart oyining oxirigacha belgilash topshirilgan. Xuddi shu sanaga qadar yangi zonani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishni boshlash rejalashtirilgan, keyinchalik u xorijiy hamkorlarga taqdim etiladi.

Bundan tashqari, yo‘l xaritasida tibbiy asbob-uskunalar, elektronika va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni ishga tushirish ham reja qilingan. Uni “Texnopark” negizida tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yaqin ikki yilda Vengriya importyorlariga O‘zbekistondan $8,2 mln.lik, jumladan, quritilgan meva va sabzavotlar ($3,1 mln), polietilen granulalar ($3,1 mln), shuningdek, ip-kalava ($1 mln) va toʻqimachilik ($1 mln) mahsulotlarini yetkazib berish rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil oktabr oyida Vengriyaga tashrifi chog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qancha shartnomalar imzolangandi.

2022-yilning oxirida Vengriyaning “OTP Bank"i “Ipoteka bank"ni sotib olgandi.