Joriy yilning birinchi yarmida “Toshkent” aeroportining yo‘lovchi tashish hajmi qariyb 40%ga oshdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yanvar-iyun oylarida jami yo‘lovchi tashish hajmi 4,7 mln kishini tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 35%ga oshgan. Yil oxirigacha ko‘rsatkich 9,2 mlnga yetishi kutilmoqda.

Bu davrda “Toshkent” aeroportining yo‘lovchi tashish hajmi 39%ga oshib, 3 mln yo‘lovchini tashkil etdi. Yilning ikkinchi yarmida yana 4 mlnga yaqin yo‘lovchi oqimi kutilmoqda.

O‘zbekiston aeroportlariga uchuvchi aviakompaniyalar soni 59 taga yetdi, shundan 7 tasi rezident kompaniya hisoblanadi. Reyslar soni 30%ga oshib, haftasiga 800ga yaqin reysni tashkil etdi.

O‘tgan davrda kompaniyaning umumiy foydasi 30%ga oshdi, soliq imtiyozlari hajmi esa avvalgisiga nisbatan 47%ga ko‘paygan.

Shu kunga qadar ikkita — Buxoro va Urganch aeroportlarining konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari tayyorlanib, Moliya vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etildi. Namangan aeroportining konsepsiyasi va texnik-iqtisodiy asoslari esa ishlab chiqish bosqichida.

Joriy yilning 1-oktabriga qadar Urganch va Buxoro aeroportlarining har biri bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha alohida tanlovlar e’lon qilinishi belgilangan.

Shuningdek, Singapurning “Changi” aeroporti maslahatchilari bilan birgalikda Toshkent aeroporti loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Yil boshida kompaniyaning loyihaga xususiy sherik sifatida jalb qilinishi ma’lum bo‘lgandi.

Yil boshidan “Centrum Air” hamda “Silk Avia” aviakompaniyalari qatorida “Asia Union Airlines” va “Tashkent Air” kompaniyalari tashkil etilib, o‘z faoliyatini boshlagan.

“Uzbekistan Airways” hamda yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalar tomonidan 17 ta samolyot olib kelingan.