O‘zbekistonlik olimlar Qatardagi ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkaga yuborilishi mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova boshchiligidagi delegatsiya Qatar tadqiqot, ishlanmalar va innovatsiyalar Kengashi xalqaro aloqalar va hamkorlik bo‘yicha direktori Hind Zaki hamda Qatar milliy tadqiqotlar jamg‘armasi vakillari bilan uchrashdi.

O‘zbekiston tomoni ekologik muammolar, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va suvdan unumli foydalanishga qaratilgan qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston OTMlari ishtirokida arabshunoslik va islom qo‘lyozmalarini birgalikda tahlil qilish, olimlarni Qatardagi ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy amaliyotlarga jo‘natish tashabbuslari ko‘rib chiqildi.

Qatar tadqiqot, ishlanmalar va innovatsiyalar Kengashi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik va qatarlik olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirokida ilmiy tadbirlar, konferensiyalar, treninglar tashkil etishga kelishildi.

Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyevning Qatarga tashrifi davomida jami 15 ta hujjat imzolangandi. Ular qatorida oliy ta’lim va ilmiy faoliyat sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo memorandum ham bor.

Qatar kompaniyalari energetika, gaz-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma, logistika, turizm va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati $12 mlrddan ziyod yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishi yuzasidan kelishuvga erishdi.

Shuningdek, Qatar fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi.