Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan xorijliklar soni 3,7 mlnni tashkil etgan. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumotlarida keltirilgan.

Xususan, yetti oyda kelgan chet ellik fuqarolarning eng ko‘pi Tojikistonga to‘g‘ri keladi. Bu davrda mamlakatdan jami 1 mln 151 mingdan ortiq sayyoh kelgan.

Bir oyda bu mamlakatdan kelgan sayyohlar soni 192 900dan ortiqni tashkil etib, 1,2 barobarga oshgan.

O‘tgan davrda Tojikistondan keyingi o‘rinlarda Qirg‘iziston (912,8 ming) va Qozog‘iston (879 ming) turibdi. Sayyohlar ko‘p tashrif buyurgan davlatlar beshligini Rossiya (417,4 ming) va Turkiya (58 ming) yakunlab berdi.

Shuningdek, yetti oyda Turkmanistondan 39,6 mingta, Janubiy Koreyadan 20,2 mingta, Hindistondan 20 mingta, Xitoydan 17,7 mingta hamda Germaniyadan 14,1 mingta sayyoh kelgan.

Bu davrda Ozarbayjondan tashrif buyurgan turistlar soni 7 989taga yetgan bo‘lib, shundan, 3 787tasi qarindoshlarini yo‘qlab, 3 762tasi dam olish hamda 435tasi xizmat yuzasidan tashrif buyurgan.


Avvalroq Samarqanddagi 100ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi joriy etilishi ma’lum qilingandi.