Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakunigacha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yetti oyda viloyatda $600 mln to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan.

Lekin ularning 78%i Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik, suvni tejash yetarli emas.

Shu kabi tahlillardan kelib chiqib, prezident tadbirkorlik, investitsiya, sanoat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni ko‘paytirish, serqatnov yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi ta’kidlandi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 170 mlrd so‘m ajratilgan.

Lekin ularda 620 gektar yer bo‘sh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Oqdaryo va Pastdarg‘omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo‘lgan 2ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish o‘rni yaratish va eksportni $500 mlnga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Buning uchun jozibador dasturlarni ko‘paytirish, yo‘llarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi ta’kidlandi.

Turizm salohiyati yuqori 100ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

“Odamlarimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish o‘rni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan to‘rt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha viloyat va tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari axborot berdi.

Iyul oyida Samarqandda Shirin massivini barpo etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi.

Davlat muassasasi shaklida direksiya tashkil etilib, chetdan olib kelinadigan urilish texnikasi, asbob-uskunalar uchun bojxona boji to‘lash bekor qilindi.