Prezident huzurida yo‘l xo‘jaligi sohasini isloh qilish bo‘yicha masalalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

“Spot” unda qayd etilgan muhim ma’lumotlar va topshiriqlarni bir joyga jamladi.


Natijalar, kamchiliklar

3000ga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizildi

So‘nggi olti yilda yo‘llarni qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar 3 karra oshdi. O‘tgan davrda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxonalarga 2000dan ziyod yangi maxsus texnikalar xarid qilindi. Buning hisobiga 65 ming kilometr yo‘llar qurildi va ta’mirlandi.

O‘tgan yildan “Mening yo‘lim” loyihasi ishga tushdi va ilk bor aholi takliflari asosida ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash tizimi joriy qilindi.

Shu yilning o‘zida 470 ta mahallada ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash ishlariga 410 mlrd so‘m yo‘naltirildi. 3000ga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizildi, yana 2000ta mahalladagi tuproq yo‘llar shag‘al qoplamaga o‘tkazildi.

Yo‘llar yaxshilanishi hisobiga mahallalarda minglab yangi tadbirkorlar ish boshladi, ko‘plab korxonalar ishga tushdi, o‘n minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi.


Yo‘llarni qurishda bir xil “shablon” loyihalar ishlab chiqilmoqda

Hududlarda o‘tkazilgan so‘rovlarda aholi ichki yo‘llarning holati va sifatini dolzarb muammolardan biri sifatida ko‘rsatgan.

Ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish orqali loyihalar qiymatini kamida 20−30%ga qisqartirish mumkinligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yo‘llarni loyihalash me’yorlarini takomillashtirish zarurligiga e’tibor qaratildi. Kichik, o‘rta va katta yo‘llar uchun ham, shuningdek, vohadagi yo‘llar bilan vodiydagi yo‘llar uchun ham bir xil “shablon” loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Loyihalarda yo‘l bo‘yi infratuzilmasini nazarda tutilgan holda xalqaro yo‘llarda savdo va servis obyektlarini tartibli joylashtirishga e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.


Topshiriq va vazifalar

Yo‘l qurilishida “FIDIK” standartlari joriy etiladi

Davlat rahbari yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tish, “FIDIK” standartlarini joriy etish takliflarini qo‘llab-quvvatladi.

Misol uchun, loyihaning texnik topshirig‘i hozirda “resurs” usuliga asoslangan. Bunda 1 kilometr yo‘l qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan.

“Oqibatda texnik nazoratchilar asosiy vaqtini yo‘lning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini o‘rganishga sarflaydi. Natija hammaga ma’lum. Aslida, davlat yo‘lning o‘ziga talabni belgilab, uni sifatli qabul qilishi kerak. Marhamat, pudratchi yo‘lni qanday texnika bilan qurishini o‘zi hal qilsin. „Hajm“ usulining mazmuni ham shu”, — dedi prezident.


Yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilari o‘rnatiladi

Yig‘ilishda hokimlar va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining yo‘llar uchun javobgarlik sohasini aniq chegaralash zarurligi qayd etildi.

Yo‘llarni monitoring qilishning avtomatlashgan tizimi yo‘qligi sababli qaysi yo‘ldan qanday hajmda yuk o‘tayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Xalqaro tajribada yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilarini o‘rnatish amaliyotidan keng foydalaniladi. Shundan kelib chiqib, bunday tarozilarni mamlakatda ham xususiy sheriklik asosida o‘rnatish taklif qilinmoqda.

Davlat rahbari tarozilardan foyda olish uchun emas, aksincha, yo‘llar sifatini ta’minlash hamda yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida foydalanish lozimligini ta’kidladi.


Yo‘l qurilishiga xususiy sheriklar jalb qilinadi

Hisob-kitoblarga ko‘ra, yo‘llarni normal holda ushlab turish uchun yiliga kamida 15 trln so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi.

“Bir narsani tushunib olish zarur. Hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham yo‘llarni qurish yoki ta’mirlash to‘liq davlat hisobidan amalga oshirilmaydi. Shuning uchun biz ham bu ishlarga xususiy sheriklarni faol jalb qilishimiz shart”, — dedi prezident.

Misol uchun, Yevropa Ittifoqida yo‘l xo‘jaligi sohasida xususiy sheriklik asosida so‘nggi 10 yilda $120 mlrdlik loyihalar amalga oshirilgan. Bizda esa bu boradagi ishlar sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yo‘l sohasidagi xususiy sheriklik loyihalarida investorlarga qo‘yiladigan shartlar va davlatning majburiyatlarini aniq belgilash zarurligi qayd etildi.


“Aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimlari joriy qilinadi

Shaharlarda yo‘llarni saqlash, qishki qarov va ko‘kalamzorlashtirish vazifalari obodonlashtirish idoralari zimmasida.

Bu vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun shahar obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnikalar bilan jihozlash lozimligi ta’kidlandi.

Yo‘l bo‘yida daraxt ekish ishlarini hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlarini hisobga olib tashkil etish, ekilgan daraxtlarni sifatli parvarish qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yo‘l sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan mutaxassislarni tayyorlash muhimligi ta’kidlandi.

Bugungi kunga qadar huquqbuzarliklarni qayd etuvchi jami 2,5 mingdan ziyod kamera va radarlar o‘rnatildi. Aholi joylarida harakatlanish 60 kilometr-soatga tushirildi. Buning hisobiga kamera o‘rnatilgan hududlarda avariyalar 30%ga kamaygan.

Bu ishlarni davom ettirish, “aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimlarini kengroq joriy qilish zarurligi aytildi.


Endilikda yo‘llarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv bo‘ladi

Ko‘tarilgan muammoli masalalarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi.

Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, “Avtoyo‘l” qo‘mitasiga avtomobil yo‘llari sohasini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Loyihada yo‘l va ko‘priklarni qurish va ta’mirlash bo‘yicha uch yillik tumanbay dasturini, yo‘l korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilashni, yo‘llarni saqlash ishlarining bir qismini xususiy sektorga o‘tkazishni nazarda tutish vazifasi qo‘yildi.

Endilikda yo‘llarni loyihalashtirishda kompleks yondashuv bo‘ladi. Ya’ni, qayerda to‘xtash joyi bo‘ladi, qayerda daraxt ekiladi, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari qayerda joylashadi, degan savollarga loyihaning o‘zida to‘liq javob bo‘lishi kerak. Shundan keyingina loyiha qabul qilinadi.


2024-yili “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 mlrd so‘m ajratiladi

Yig‘ilishda bundan buyon ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratilishi belgilandi.

“Endi qayerda ichki yo‘l qurish, qayerdagi yo‘llarni ta’mirlashni odamlarimizning o‘zi hal qiladi. Shunday qilsak, loyihani tanlab olishda va sifatni ta’minlashda ochiqlik bo‘ladi, to‘liq jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi”, — dedi prezident.

Ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun 2024-yilda “Mening yo‘lim” dasturi doirasida 800 mlrd so‘m ajratish topshirildi.

Xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqishda yangidan tuzilayotgan jamg‘arma imkoniyatlaridan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Bunda, maxsus ishchi guruh yo‘l xo‘jaligi sohasida investitsiya va davlat-xususiy sheriklik metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqadi.

Viloyat hokimlari bilan birgalikda loyihalar tanlab olinadi va investorlarni jalb qilish uchun tayyorlanadi.