Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida nutq so‘zlagani haqida yozgandi. Prezident xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi.
Ulardan biri yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirlarini kengaytirishga investitsiyalarni jalb etish ekanligi qayd etildi. Sanoatning barcha tarmoqlarida yangi texnologik bosqichga o‘tish va qo‘shilgan qiymatni yaratish bo‘yicha dasturlar boshlangan.
“Yaxshi xabardorsiz, O‘zbekiston boy tabiiy resurslar — oltin, mis, uran, volfram, gaz va boshqa noyob zaxiralarga ega. Strategik xomashyo bo‘lgan yer osti boyliklarimizning umumiy qiymati $3 trln deb baholanmoqda”, — dedi davlat rahbari.
Mazkur sohadagi imkoniyatlarni xorijiy investorlarga taqdim etish maqsadida ochiq raqamli geologiya ma’lumotlar bazasi yaratiladi, auksionga qo‘yiladigan konlar 4 karra ko‘paytiriladi, “qazib olishdan tayyor mahsulotgacha” bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent va Samarqandda barpo etilayotgan “Kelajak metallari” texnoparklariga xorijiy sarmoya keng jalb qilinadi.
Mashinasozlik, robototexnika, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika, farmatsevtika kabi “drayver” tarmoqlarda ham $20 mlrdlik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish taklif qilindi.
“Yashil” energetika va sun’iy intellekt sohalaridagi sheriklikni chuqurlashtirish uchun investorlarga quyosh va shamol elektr stansiyalari bilan bir qatorda energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, “yashil” energiya asosida ishlaydigan data-markazlar barpo etish taklif etildi.
Xorijiy ekspertlar O‘zbekistonda kelgusi besh yilda sun’iy intellekt yo‘nalishida kamida $10 mlrd qo‘shimcha qiymat yaratilishini prognoz qilmoqda.
“Asosiy vazifamiz sun’iy intellekt orqali aholining barcha qatlamlari hayotini yaxshilash, undan ta’lim, davlat xizmatlari va biznes jarayonlarida keng foydalanishdan iborat”, — dedi prezident.
Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt loyihalari va data-markazlar uchun maxsus zona yaratildi. Bu hududda 2040-yilgacha investorlar barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinadi, yo‘l, elektr, suv infratuzilmasi davlat hisobidan qurib beriladi, 1 kilovatt-soat elektr energiyasi uchun 5 sent miqdorida imtiyozli tarif belgilanadi.
Shu bilan birga, maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan O‘zbekiston xalqaro raqamli texnologiyalar markazi (Enterprise Uzbekistan) ham tashkil etilmoqda. Prezident investorlarni ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha jozibadorligi yuqori bo‘lgan loyihalarda hamkorlikka taklif etdi.
Spot, avvalroq, AQSHning DFC korporatsiyasi O‘zbekistonda raqamli bank ochishi mumkinligi haqida yozgandi.