Vashington Eron bilan tinchlik kelishuviga erishilgani va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilgani munosabati bilan Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni qayta tiklashi mumkin. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp G7 sammitida ma’lum qildi, deb yozadi The Guardian.
“Albatta, biz buni qila olamiz, chunki neft endi yetkazib berilmoqda”, — dedi Amerika yetakchisi G7 sammiti doirasida jurnalistlarga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati tiklanishi kutilayotganini nazarda tutib.
“Biz buni yaqin orada amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Mart oyida AQSH uchinchi davlatlarga hozir dengizdagi tankerlarda bo‘lgan sanksiyadagi Rossiya nefti va neft mahsulotlarini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat berdi.
Moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, bu qadam AQSH va Isroilning Eron bilan urushi hamda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi ortidan keskinlashgan global energiya bozorlarini barqarorlashtirishga qaratilgan.
Vazirlik saytida e’lon qilingan litsenziyaga ko‘ra, 12-martdan boshlab kemalarga yuklangan Rossiya xom nefti va neft mahsulotlarini yetkazib berish hamda sotishga ruxsat etiladi. Litsenziya Vashington vaqti bilan 11-aprel yarim tungacha amal qilishi belgilandi.
Keyinchalik bu chora uzaytirildi va AQSH Moliya vazirligining dengiz orqali tashiladigan Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalardagi istisno muddatini uzaytirish haqidagi qarori 17-iyungacha amal qiladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston va Rossiya NQIZlar uchun neft va xomashyo yetkazib berishni muhokama qilgani haqida yozgandi.