O‘zbekiston va Janubiy Koreya bir nechta yangi sanoat klasterlarini tashkil etishga kelishib oldi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar Toshkent xalqaro investitsiya forumiga (TXIF-2026) bag‘ishlangan O‘zbekiston-Koreya biznes-forumida bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning davlat organlari, ishbilarmon doiralari, moliya tashkilotlari, tarmoq uyushmalari va yetakchi korxonalari vakillari ishtirok etdi.

Forumda Posco, Samsung, Lotte, Daewoo E&C, Hyundai Rotem, BoMI, ZYX Technology, Incheon International Airport Corporation, Youngone, KOTRA va Koreya Eksimbanki kabi 300 dan ortiq Koreya kompaniyalari ishtirok etdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov koreyalik hamkorlarga investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va iqtisodiy islohotlar natijalarini taqdim etib, soliqlar qisqartirilganini va dividendlarni yechib olish bo‘yicha cheklovlar bekor qilinganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti yil oxiriga kelib $147 mlrdga yetadi, 2030-yilga borib esa $240 mlrdga erishish maqsad qilingan.

Shuningdek, Qosimov KOTRA bilan qo‘shma sanoat zonasini tashkil etish va KAIT bilan biotexnologik klaster yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish boshlangani haqida gapirdi. Rasmiy Koreya kompaniyalarini investitsiya platformalarida ishtirok etishga chaqirdi.

Koreya xorijiy infratuzilma va shaharsozlik korporatsiyasi (KIND) prezidenti Kim Bok Hvan Smart Bio-Cluster loyihasi tafsilotlarini taqdim etdi.

Farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratilgan $100 mlnlik majmua Zangiota tumanidagi 61 gektar maydonda joylashadi.

Bundan tashqari, KIND yangi Toshkent aeroporti va Toshkent Smart Logistics City majmuasi loyihasi ustida ishlamoqda. “Biz aeroportlar, logistika markazlari va yangi shahar konsepsiyasini integratsiyalashgan holda rivojlantirishni rejalashtirganmiz”, — dedi Kim Bok Hvan.

Forum yakunlari bo‘yicha qator bitim va memorandumlar imzolandi. Xususan, ISSV va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi KIND korporatsiyasi bilan uch tomonlama memorandum imzoladi.


Avvalroq Spot Toshkentdan Andijon va Termizga tezyurar poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.

Buning uchun Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasi 8 ta elektropoyezdni yetkazib berishi mumkin. Tomonlar texnik shartlarni yakuniy kelishish masalasini ko‘rib chiqdi.