Toshkentdan Andijon va Termizga yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.

10-iyun kuni Koreyada kompaniya bosh muhandisi Sharofiddin Qodirov, Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev hamda Hyundai Rotem kompaniyasi prezidenti Lee Yong Bae o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

O‘zbekiston temir yo‘llari uchun ishlab chiqarilayotgan Jaloliddin Manguberdi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdni yetkazib berish loyihasining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan ma’lumot almashildi.

Shuningdek, 8 ta zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni yetkazib berish loyihasi yuzasidan texnik shartlarni yakuniy kelishish bo‘yicha batafsil muzokaralar o‘tkazildi. Bu poyezdlarni Toshkent-Andijon va Toshkent-Termiz yo‘nalishlarida yo‘lga qo‘yish maqsad qilingan.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish hamda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldi.

Joriy yilning 5-mayidan boshlab Toshkent va Xiva o‘rtasida Janubiy Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan olingan Jaloliddin Manguberdi tezyurar poyezdi yo‘lga qo‘yildi.

Tarkib 7 vagonli va 389 o‘rinli bo‘lib, shaharlar o‘rtasida haftasiga uch marta qatnab, 1220 km masofani 7,5 soatda bosib o‘tadi. Kompaniya 2027-yilgacha qolgan 35 ta vagonni (besh tarkibni) yetkazib berishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Spot Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li Xivagacha uzaytirilishi mumkinligi haqida yozgan edi.