Germaniya kompaniyalari bilan Namanganda investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbout xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov raisligidagi delegatsiyasi mamlakatga tashrif buyurib, Germaniya kompaniyalari bilan uchrashdi.

Xususan, “Bio Energy-Land” kompaniya raisi Frenk Risbek bilan o‘tgan muzokarada viloyatda yopiq turdagi vertikal issiqxonalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha qiymati 14 mln yevroni tashkil etadi.

“Amandus Kehl” kompaniyasi bilan Chust tumanida chorvachilik va baliqchilik komplekslari uchun ozuqa-yem loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Loyiha “Namangan-sement” bazasida amalga oshirilishi ta’kidlangan.

Shuningdek, “Wehrhahn” kompaniyasi tomonidan “Namangan sement” korxonasi bilan “Gaza beton mahsulotini ishlab chiqarish” loyihasi amalga oshiriladi. Kompaniya rahbari Klaus Bonneman bilan kechgan uchrashuvda mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha 40 mln yevrolik shartnoma imzolandi.

“Vollert Anlagenbau” kompaniyasi rahbari Markus Daymel qurilish yo‘nalishida hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qildi.

Kompaniya tomonidan joriy qilingan qurilish usuli oddiy qurilish tizimlariga nisbatan yuqori sifatni, xarajatlarining kam sarf etilishi va qurilish vaqtini qisqartirishni kafolatlashi ta’kidlangan.

Bundan tashqari, Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi bosh direktori Mixael Xarms bilan uchrashuvda esa nemis ishbilarmonlarini Namanganga sarmoya kiritish masalalari muhokama etildi.

Avvalroq Germaniyaning “Textima Export Import” kompaniyasi Namanganda o‘z vakolatxonasini ochishi haqida xabar berilgandi.