Zilola Egamberdiyeva 1998-yil Samarqand viloyatida tavallud topgan. 2022-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bank ishi yo‘nalishini tugatgan. Hozirda Fransiyadagi Sorbonne universiteti “Economic analysis and policy” fakultetining 2-kurs magistranti.

Nega Fransiya?

Chet el universitetlarida o‘qish istagi bakalavrda 2-kursda o‘qib yurgan paytlarimda payda bo‘lgandi. Chunki universitetdagi bitta ustozimiz “Erasmus"ni O‘zbekistondagi koordinatorlaridan biri bo‘lganligi sabab, har xil dasturlar haqida aytib berardi. Shu sabab men ham qiziqib qolganman.

Dastlab Germaniyaga ketish istagi bilan nemis tilini o‘rgangandim va Gyote sertifikatini ham oldim, lekin u yerga ketish uchun hisob raqamimda 10000 yevro bo‘lishi so‘ralgandi.

Menda bunday mablag‘ bo‘lmaganligi sabab boshqa davlatlarga urinib ko‘rishni istadim. Agarda qabul qilinsam “El-Yurt Umidi” jamg‘armasiga topshiraman degan niyatda Britaniya, Fransiya universitetlariga hujjat topshirishni boshladim.

Biroz vaqtdan keyin qabul qilinganligim haqida xabar keldi, ammo ajrilgan grant mablag‘i juda ham kam edi. Shu sabab “Erasmus Mundus” dasturidagi imkoniyatlar bilan tanisha boshladim.

U paytda oilamdagilar chet elga ketishimni qo‘llab-quvvatlamagandi. Boshida qarshilik ham qilishgan. Shu sababdan ham o‘qishga ularga aytmasdan topshirganman.

Hujjat topshirish jarayonida esa Fransiyani madaniyati, yashash tarziga emas, asosiy fokusni ta’lim tizimiga qaratganman, chunki bu men uchun juda ham muhim edi.

france, fransiya, xorijda ta'lim

Foto: Zilola Egamberdiyevaning shaxsiy arxividan

O‘qishga topshirish haqida

Men dastlab “Erasmus Mundus"ga 2022-yilning yanvar oyida topshirganman. Rostini aytsam, o‘qishimni tugatib tezda toshirganim uchun unchalik umid qilmagandim. Chunki ko‘p hollarda o‘qishni tugatib birinchi yili topshirganlarni qabul qilishmaydi. Shuningdek, bu grant O‘rta Osiyo bo‘yicha faqat 3 odamga berilardi.

Bu qo‘shma dastur bo‘lib bunda siz ikki universitetda o‘qib diplom olishingiz mumkin. Shu sabdan “Erasmus Mundus"da g‘olib bo‘lganimdan keyin magistratura 1-bosqichini o‘qish uchun Italiyadagi Turin universitetiga jo‘nab ketganman.

Ushbu loyiha viza, sug‘urta va chipta xarajatlarini qoplab, yotoqxona bilan ham ta’minlab bergan.

Shuningdek, “Campus France” ham barcha narsalarimni hal qilishda yordam berishgan. Ular talabalarning hujjatlarini tog‘rilash, jo‘natish va qaysi talabalar stipendiya olishini ham aniqlab beradigan tashkilot hisoblanadi.

Eiffel granti haqida

Bu grantga topshirish unchalik ham oson emas. Dastur Fransiya tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi tomonidan tashkil etilganligi sabab hujjatlarni o‘zingiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri topshira olmaysiz. Ya’ni grant haqida e’lon berilgan vaqtda bitta koordinator mas’ul etib qo‘yiladi va uning elektron pochtasiga topshirishingiz mumkin. Hujjat topshirish noyabr oyida boshlansa, yanvarda qabul vaqti yakunlanadi.

Dunyo bo‘yicha esa har yili har hil odam qabul qilinadi. Bu yil 300ga yaqin odam qabul qilingan. Hujjatni qanday shaklda topshirish har bir o‘qishning o‘ziga bog‘liq. Masalan, ba’zi universitetlar qaysidir saytga joylashni aytishadi. Lekin bizning holatda unaday bo‘lmagan va koordinatorga topshirganmiz.

Grant uchun kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar:

  • tavsiya xati;
  • diplom;
  • CV;
  • IELTS;
  • motivatsion xat.

Shuningdek, men Gyote sertifikatini ham topshirganman.

Hujjat topshirishda motivatsion xat eng asosiylaridan biri bo‘lib, u ikki varaqdan iborat bo‘lishi kerak. Men motivatsion xatni yozmasdan avval Fransiya bo‘yicha tanishib chiqqandim. Hujjatlarim tayyor bo‘lganida esa koordinatorga jo‘natganman.

france, fransiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Ushbu grantni yutganlar Fransiya OTMlarning magistratura va PhD darajasida o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lib, magistratura uchun 12, 24 va 26 oylik xarajatlarni, PhD uchun esa 10 oyligini qoplab berishadi. Topshirish mumkin bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar esa:

  1. Texnik fan.
  2. Iqtisodiy, menejment.
  3. Huquqshunoslik va siyosiy fanlar.

Grantga topshirish uchun qo‘yiladigan asosiy talablar:

  • Fransiya fuqarosi bo‘lmaslik. Agar ikki fuqaro egasi bo‘lib, ulardan bittasi Fransiya bo‘lsa ham ariza topshira olmaydi.
  • magistraturaga topshiradiganlar 30 yoshdan, PhDgadilar esa 35 yoshdan katta bo‘lmasligi zarur.

Bundan tashqari, grant yutganlarning xarajatlari, xalqaro parvozlar, sug‘urtalari ham to‘plab beriladi. Magistratura uchun oylik stipendiyasi esa $1200 ni tashkil etadi.

Moslashish davri

Men Fransiyaga 2023-yilning 26-avgustida yetib kelganman. O‘sha kuni shanba bo‘lgani sabab universitetning yotoqxonasiga joylasha olmagandim — shanba va yakshanba kuni kirish mumkin. Shu sabab “Campus France” menga ikki kunga mehmonxona gaplashib bergan va universitet yotoqxonasiga dushanba kuni joylashgandim.

Parijda yashaydigan tanishlarim ham bor edi, ularga “meni kutib ol” deb aytishga noqulay bo‘lgan va hamma narsani o‘zim eplashni istaganman.

Odamlarga ingliz tilida murojaat qilib, ko‘pchilik bu tilni yaxshi bilishini bilib olgandim. Hozir ham hamma bilan bemalol ingliz tilida muloqot qila olaman. Lekin avval eshitib ko‘rmagan boshqacha aksentlarda gapiradigan odamlarni ham uchratganman.

Kelmasimdan avval meni birinchi xavotirlangan narsam esa yotoqxona topish bo‘lgan. Chunki, bu yerda yotoqxona topish juda ham qiyin va qimmat.

Dastlabki vaqtlari o‘qish bilan band bo‘lib aylanishga ham chiqa olmaganman. Eiffel minorasiga esa bir oydan keyingina borganman. Shundan so‘ng kursdoshlarimiz bilan tez-tez aylanishga chiqib turganmiz.

Bu yerga kelishimdan avval o‘zimni psixologik tomondan tayyorlab kelganim uchunmi unchalik qiyin bo‘lmagan. Shuningdek, Italiyada o‘qigan 12 talaba bilan birga kelganimiz uchun ham tezda moslashib ketganman.

france, fransiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Fransiya haqida

Parij juda ham go‘zal shahar. Men bir qancha davlatga borgan bo‘lsam ham Parij ko‘chalariga teng keladigan go‘zallikni ko‘rmaganman. Havosi juda ham toza. Ayniqsa bulutlari chiroyli.

Bu yerga butun dunyo bo‘yicha turistlar tashrif buyurishadi. Shu sababdan ham shaharda ko‘p turistlarni uchratishingiz mumkin. Binolari ham unchalik baland emas. Ular asosan qirollik davridan kelgan eski imoratlarni boricha saqlab qolishga harakat qilishadi. Ba’zilari Italiya arxitekturasiga ham o‘xshab ketadi.

Odamlariga kelsak juda ham samimiy. Hayot tarzini kuzatsangiz hech kimni qayergadir shoshilayotganini ko‘rmaysiz. Hammasi bemalol. Ayollari ham oddiylikni ma’qul ko‘rishadi.

Shuningdek, ko‘pchilik o‘z ustida ishlaydi. Masalan, metrolarda qog‘oz variantda kitob o‘qib o‘tirgan odamlarni ko‘p uchratganman. Shahar bo‘ylab tekin kutubxonalar ham ko‘p.

Muzeylarga kirishda esa 26 yoshgacha bo‘lganlarga va talabalarga tekin. Boshqa odamlarga unchalik ham qimmat emas — 15−17 yevro atrofida. Operaga kirish yaxshi rivojlangan. Uning narxi esa 10−70 yevro.

Kechqurun Eiffel minorasini tomosha qilsangiz juda ham go‘zal. Har kuni yonadigan chiroqlar rangi o‘zgarib turadi. Uning eng tepasigacha chiqish 25 yevro.

Hayron qoldirgan narsalar. Bu yerda meni birinchi hayron qoldirgan narsa konditsionerdan foydalanish mumkin emasligi bo‘lgan. Buning sababi esa iqlimga juda ham qayg‘urishi.

Havo yoz oylari juda ham issiq bo‘ladi. Sentyabr boshida hatto 38 gradusgacha issiq bo‘lib ketgan. Shu sababdan ham Parijga yozda kelishni maslahat bermagan bo‘lardim.

Shuningdek, bu yerda ijtimoiy yordam ham juda yaxshi rivojlangan. Masalan, talabalarga oziq-ovqat yetkazib berishda yordam beradigan volontyorlik tashkilotlar mavjud. Agarda talabalar bunday yordam olmoqchi bo‘lsa ularning saytida ro‘yxatdan o‘tish kifoya. Uyigacha olib kelib berishadi. Bunda talabalik kartasini ko‘rsatish shart.

Bundan tashqari, shaharda ish topish juda ham oson. Sohangiz bo‘yicha katta kompaniyalarga stajirovkalarga ham kirsangiz bo‘ladi.

france, fransiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Sarflanadigan xarajatlar

Parij eng qimmat shaharlardan biri. Shu sababdan bu yerda oylik boshqa davlatlarga nisbatan biroz yuqori. Ko‘pchilik ishlarda soatiga 12 yevrodan to‘lanadi. Stajirovkalar uchun esa oyiga 1200, 1400 yevro.

Ammo shunga yarasha soliqlar ham yuqori. Masalan, meni mehmonxonada receptionda ishlaydigan tanishimning oylik ish haqi 2400 yevro. Lekin u soliqlar sabab qo‘liga 1600 yevro oladi.

Kvartira narxlari ham qimmat. Masalan, bitta o‘zingizga xona olmoqchi bo‘lsangiz 700−800 yevro. Agarda uyning hammasini olaman desangiz 2000−2500 yevrogacha borishi mumkin, lekin boshqa tumanlarda biroz arzonroq deb eshitganman.

Kommunal to‘lovlari ham har xil. Ba’zilarida kvartira puli ichida bo‘lsa, ayrimlarida alohida. O‘zim talabalar shaharchasida yotoqxonada yashashim sabab oyiga 420 yevro to‘layman. Stipendiya yutmasdan o‘qiyotganlar esa 620 yevro.

Oziq-ovqatlarga kelsak juda ham qimmat emas. O‘zbekistondan arzon bo‘lishi ham mumkin. Men oshxonada ovqatlanaman va har ovqatlanganimda 1 yevrodan to‘layman. Agarda sayohat qilish uchun kelaman desangiz ko‘proq to‘lanishi mumkin, ko‘chada ovqatlanishga 18−20 yevro sarflanishi mumkin.

Transport haqida. Parijda jamoat transportlaridan foydalanish juda ham yaxshi rivojlangan. Odamlari asosan metro, RER kabi transportlardan ko‘p foydalanishadi. Shuningdek, velosipedlar ham ommalashgan.

Agarda siz talaba bo‘lib, velosipedni ijaraga olmoqchi bo‘lsangiz oyiga 1 yevro to‘lab bemalol foydalanishingiz mumkin. Lekin odamlar, odatda, o‘zlari sotib olishni ma’qul ko‘rishadi. Jamoat transportlariga chiqishda talaba 1 yilga 365 yevro to‘lab, bemalol foydalanishi mumkin. Talaba bo‘lmaganlar esa yiliga 1000 yevro to‘lashadi.

Aholiga bir martalik foydalanish 2,5 yevro. Shuningdek, bir oy davomida hamma transportlardan cheksiz foydalanish kartasini 75 yevroga olishingiz ham mumkin.

france, fransiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Fransiya ta’lim sohasi haqida

Fransiyada o‘qishga kirish qiyin emas. Kontrakt narxlari ham yuqori deb ayta olmayman — 500−600 yevro atrofida. Ammo xususiy universitetlar narxi 5000 dan 30 ming yevrogacha boradi.

Bu yerdagi ta’lim tizimida ham kredit tizimi yaxshi rivojlangan, bo‘lib, tanlov va majburiy fanlarga bo‘linadi. Ammo bizning dasturimizda hammasi majburiy fanlar. Qancha kredit o‘qishimizni ham universitetni o‘zlari tanlashgan. Ya’ni men “Erasmus Mundus” dasturi orqali birinchi bosqichimni Italiyada o‘qigan bo‘lsam ikkinchi bosqichimni Fransiyda davom ettiryapman.

Bu yerda korrupsiya yo‘qligi sabab ta’lim tizimi yaxshi rivojlangan, deb o‘ylayman. Eng yaxshi rivojlangan yo‘nalishlar esa moliya, ta’lim va IT-sohasi. Biz bir semestr davomida 8 fanni o‘rganganmiz. Har bir darsimiz ikki soat davom etadi. O‘qish esa haftasiga 5 kun.

Guruhimizda 50 magistr birga o‘qiymiz, ular asosan 25 davlatdan tashrif buyurishgan. Shundan eng asosiylari Germaniya, Braziliya, Hindiston, Niderlandiya, Avstriya kabilar. Oliygohda mendan tashqari o‘zbeklar juda ham ko‘p. Ular asosan media, moliya, biznes, kimyo sohalarida o‘qishadi.

Dars jarayonlarida talabalar faqat notebook’lardan foydalanishadi. Hozir men ham har kuni kompyuterdan foydalanishga o‘rganib qolganman.

Biz magistraturada o‘qisak ham ilmiy maqola yozish kerak, degan qat’iy talab qo‘yilmagan, ammo dars jarayonlarida juda ham ko‘p ilmiy maqolalar o‘qiymiz.

Yana bir yaxshi tomoni — bu yerda akademiya va universitetlarda ishlash juda ham obro‘li hisoblanadi. Shu sababdan oyligi yuqori va ular uchun magazinlarda alohida chegirmalar ham mavjud.

france, fransiya, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Talabalarga yaratilgan imkoniyatlar. Men Fransiyaga talaba bo‘lib kelishni maslahat bergan bo‘lardim. Chunki avval Italiyada o‘qiganimda Fransiyadagi kabi qo‘llab-quvvatlash bo‘lmagan.

Bu yerda siz har xil loyihalarga ishtirok etishingiz mumkin. Shuningdek, loyihangiz bo‘yicha chet elga chiqishingiz kerak bo‘lsa, uning xarajatlarini ham universitetning o‘zi qoplab beradi. Agarda dars jarayonlarida foydalanish uchun kompyuteringiz bo‘lmasa, uni ham universitetdan olishingiz mumkin. Lekin o‘qish tugashi vaqtida topshirib ketishingiz zarur.

Bundan tashqari, do‘konlarda ham talabalar uchun 10, 20% chegirmalar mavjud. Faqat xarid qilish vaqtida talabalik kartangizni ko‘rsatsangiz kifoya.

Talabalarning ishlashi

Fransiyada talabalarning darsdan so‘ng 21 soat davomida ishlashiga ruxsat berilgan. Bayram va dam olish kunlari esa 35 soatgacha ishlashlari mumkin.

Lekin aynan biror ishda ishlash kerak, degan qat’iy talablar qo‘yilmagan. Hamma o‘ziga ma’qul kelgan ishni qilishadi. Biroq, talabalar asosan stajirovkalarda bo‘lishadi.

Hozir men va kursdoshlarim darsdan bo‘shay olmaganimiz, vazifalarimiz ko‘pligi sabab ishlamaymiz.

Fransiyaga endi keladiganlarga maslahat. Men bu yerga kelib hamma narsaga real ko‘z bilan qarash kerakligini tushundim. Chunki chet elga kelganingizdan keyin sizga yordam beradigan, qayg‘uradigan odamlar bo‘lmaydi. Hamma narsani o‘zingiz eplashingiz kerak.

Ko‘pchilik talabalar xorijga chiqishda u yerdagi hayot tarzini boshqacha tasavvur qilib borishadi va haqiqiy reallikni ko‘rganidan so‘ng depressiyaga tusha boshlaydi. Shu sababdan ham diasporaga yaqin bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.

Yevropaga kelganimdan keyin tushunib yetgan eng katta narsam, oiladan muhimroq hechnarsa yo‘q ekan. Chunki ular doimo qo‘llab-quvvatlashardi. Ushbu darajaga ham oila a’zolarimning ishonchi va duosi orqali erishdim, deb o‘ylayman.

Bu davlatga endi keladiganlar mamlakat bilan yaxshilab tanishib, fransuz tilini ham o‘rganib kelganlari ma’qul. Sababi, imkoniyatlari juda ham ko‘p bo‘ladi. Ayniqsa, ish topishda qiynalmaydi va odamlar bilan ham bemalol muloqot qilishi mumkin.