O‘zbekistondagi alkogol ishlab chiqaruvchi korxonalarning ko‘pchiligida mahsulot hajmini onlayn o‘lchash tizimi ishlamaydi. Bu haqda prezident ishtirokida o‘tgan videoselektorda ma’lum qilindi.

Xususan, alkogol ishlab chiqaruvchi 59ta korxonaning 42tasida mazkur tizim ishlamaydi. Natijada, aksiz solig‘i yig‘iluvchanligi talab darajasida bo‘lmayapti.

Tarmoq rahbarlariga faqat raqamlashtirish orqali tannarxni tushirish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Buxorodagi “Janubiy Kemachi” konini raqamlashtirish hisobiga, yo‘qotish 3%ga kamayib, yiliga 28 mln kub metr qo‘shimcha gaz olinayapti.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekneftgaz"ga quduqlarni raqamlashtirishni to‘liq yakunlashga ko‘rsatma berildi.

Barcha tarmoqlarda ham raqamlashtirish sur’ati bir xil emasligi qayd etildi. Xususan, “O‘zbekkosmos” mamlakat bo‘yicha 2 000dan ortiq noqonuniy qazishlarni aniqlagan.

Shunga qaramay, hokimlik va mas’ul idoralar tayyor raqamli ma’lumot asosida bular yuzasidan amaliy chora ko‘rmagan.

Issiq suvni qozonxonadan aholi xonadonlariga yetkazib berishda aniq hisob-kitob bo‘lmagani uchun noreal qarzdorlik bilan bog‘liq muammolar mavjud.