Buyuk Britaniyaning Oksford universitetida O‘zbek tili markazi ochildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniya universiteti rahbariyati va olimlari bilan uchrashib, O‘zbekiston universitetlari va ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida akademik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Xususan, tomonlar ixtisoslashtirilgan mutaxassislarni tayyorlash, kollej negizida ixtisoslashtirilgan dasturlarni tashkil etish imkoniyatlarini muhoma qildi.

Oksford universiteti qoshidagi Volfson kolleji prezidenti Timoti Mark Xitchins tarix, arxeologiya, ta’lim, tibbiyot, fizika, matematika, muhandislik va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni qilish imkoniyatlar mavjudligi ta’kidladi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan kvant fizikasi sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish qayd etildi.

Oksford universiteti qoshidagi “Birso‘z” markazi direktori Leyla Najafzoda bilan mazkur ta’lim muassasasida o‘zbek tilini o‘qitish loyihasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mashg‘ulotlarning birinchi sessiyasi 2024-yilning yanvar oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Darslar 15 nafargacha talaba ishtirokida olib boriladi.

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi tomonidan markazning ilmiy bazasi uchun muntazam ravishda o‘quv materiallari jo‘natiladi.

Oksford universiteti qoshidagi Volfson kolleji 1965-yilda tashkil etilgan. Kollej universitetning eng yaxshi 3ta o‘quv yurtidan biri hisoblanadi.

Bu yerda 700dan ortiq xorijiy talabalar gumanitar, tabiiy va ijtimoiy fanlar bo‘yicha tahsil oladi. Kollej bitiruvchilari orasida uchta Nobel mukofoti sovrindorlari mavjud.

Avvalroq “Spot” Oksford universiteti qanday tashkil etilgani haqida maqola taqdim etgandi.