Dunyoning har bir nuqtasida nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onani zabt etgan universitetlar mavjud. Ular o‘z ta’lim tizimi, qamroviga ega.

Spot xorijiy universitetlar tarixi, bugungi kundagi faoliyati hamda ta’lim dasturlari haqida hikoya qiluvchi yangi sahifani taqdim etadi.

Birinchi maqolamizda Buyuk Britaniyada joylashgan Oksford universiteti haqida hikoya qilamiz.



Universitet qachon faoliyat boshlagani to‘g‘risida aniq ma’lumotlar mavjud emas. U haqidagi ilk xotiralar XI asrga borib taqaladi. Oliygoh Buyuk Britaniyaning Oksfordshir grafligiga mansub Oksford shahrida joylashgan.

1167-yilda qirol Genri II farmoniga ko‘ra, angliyalik talabalar fransuz universitetidan chiqib, Oksfordda tahsil olishga majbur bo‘lishgan. O‘sha paytlari talabalar ilohiyotshunoslik, tibbiyot, huquq va erkin fanlar asosida o‘qitilgan.

Universitet 38ta kollej va 6ta yopiq o‘quv muassasalaridan iborat. Hozirda oliygohda 26 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda, shundan 45%i 160ta mamlakatdan kelgan xorijliklardir. O‘qituvchilar soni esa 6 mingdan ortiq.

Shuningdek, 100ta kutubxonadan iborat katta tarmoq mavjud bo‘lib, shundan 30tasi Yevropadagi eng qadimiy kutubxonalar sirasiga kiradi.

Xususan, bu yerda Angliyada kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi “Bodleian Library” kutubxonasi ham joylashgan bo‘lib, arxivida 12 mlndan ortiq namunalar bor.

oksford, universitet

Oliygohning eng mashhur kollejlari Merton, Magdalen, Keble, Exeter va Christ Church kollejlari hisoblanadi.

Asosiy yo‘nalishlari 4ta — ijtimoiy fanlar, matematika, fizika, tibbiyot va hayot haqidagi fanlardan iborat. Bu yo‘nalishlar ham bir qancha fakultetlarga ajralib ketadi.

Universitet qabul tartibi

Oksford universitetiga hujjat topshirishda yuqori baholar va ingliz tilini a’lo darajada bilish talab etiladi.

Xorijlik abituriyentlar uchun talablar turlicha. Talab etiladigan minimal ballar quyidagicha:

  • Internet-TOEFL -100 ball;
  • IELTS — 7.0;
  • SAT-Critical Reading — 1400;
  • SAT-Math — 1400;
  • SAT-Writing — 700;
  • SAT-Subjest Test — 700.

Bundan tashqari, bir qator muayyan yo‘nalishlarda abityurentlar maxsus yozma testlar topshirishadi. Ushbu sinov biotibbiyot, huquqshunoslik, ingliz adabiyoti va boshqa yo‘nalishlarga kirish uchun o‘tkaziladi.

Test va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng, talabalar dekabr oyining o‘rtalarida bo‘lib o‘tadigan shaxsiy suhbatga taklifnoma oladilar.

Imtihonlar, testlar va suhbatlar natijalariga ko‘ra, abituriyent Oksfordda o‘qiydimi yoki yo‘qmi, qaror qabul qilinadi.

Oliygoh rasmiy saytidagi maxsus kalkulyator orqali mutaxassisligi, fuqaroligi va necha yil o‘qishiga qarab, to‘lovni hisoblab olish mumkin.

Hozirgi vaqtda britaniyalik talabalar uchun rasmiy o‘qish narxi dasturga qarab yiliga 9 250 funt sterlingdan 11 475 funt sterlinggacha, xalqaro talabalar uchun esa 19 570 funt sterlingdan 31 845 funt sterlinggacha.

Eng qimmat yo‘nalish — tibbiyot. Biroq, bu xarajatlardan tashqari, talabalar turar joy, ovqatlanish, darsliklar va yiliga bir necha ming funtga yetishi mumkin bo‘lgan boshqa xarajatlarni ham hisobga olishlari kerak.

Nobelchilardan tortib vazirlargacha

Universitet dunyo reytinggida so‘nggi 8 yildan buyon birinchilikni egallab kelmoqda. Bitiruvchilarning o‘qishni tugatgandan keyin olti oy ichida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha doimiy ishga joylashish ko‘rsatkichi 95%ni tashkil etadi.

Oksford bitiruvchilari orasida 26 nafar “Nobel” mukofoti sovrindorlari va Buyuk Britaniyaning 26 nafar bosh vaziri bor.

Aynan shu yerda Garri Potter haqidagi filmlar tasvirga olingan, yozuvchi Lyuis Kerroll “Alisa"ni yozgan, yozuvchi Tolkiyen esa “Uzuklar hukmdori” filmidagi qal’alarni shu yerda tasvirlagan.

Oliygoh logotipini tanib olish va aniqlash juda oson. Unda yettita muhr va uchta toj (ikkitasi tepada, bittasi kitob ostida) joylashgan, ochiq kitob tasvirlangan va kitobda universitet shiori yozilgan.

oksford, universitet

Dastlabki logotip 1400-yilda qabul qilingan deb keltiriladi. So‘ngra 1993-yilda yuqoridagi ko‘rinishda yangilanadi. Shuningdek, o‘zining barcha materiallarida “Pantone 282” rangidan doimiy foydalaniladi.

Shu yilning 1-yanvaridan buyon universitet vitse-kansleri lavozimida professor Irene Treysi faoliyat olib bormoqda.