Butun dunyo bo‘ylab aviakompaniyalar “Boeing 737 Max 9” samolyotlarining parvozlarini vaqtinchalik to‘xtatmoqda, deya xabar berdi “Deutsche Welle” nashri.
Xususan, ushbu turdagi samolyotlarning ekspluatatsiyasi “Turkish Airlines”, “Aeromexico” va Panamaning “Copa Airlines” aviakompaniyasi tomonidan to‘xtatildi.
Avvalroq, AQSh Federal Aviatsiya boshqarmasi ulardan Amerika hududida foydalanishni vaqtincha to‘xtatgan edi. Bunga “Alaska Airlines” laynerining fyuzelyajidan favqulodda chiqish lyugi ajralib tushgani sabab bo‘lgan.
Hodisa oqibatida samolyotdagi bir nechta yo‘lovchi jarohatlangan. Bu vaqtda havo kemasidan foydalana boshlanganiga sakkiz hafta bo‘lgandi.
Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) ham ushbu Boeing modelidan Yevropa Ittifoqi osmonida foydalanishga ruxsat berishni vaqtincha to‘xtatdi.
Buyuk Britaniya fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi (CAA) Boeing 737 MAX 9 samolyotlaridan foydalanadigan barcha aviakompaniyalardan mamlakat havo hududiga kirishda FAA ko‘rsatmalariga rioya qilishni talab qilishini aytdi, deb yozdi BBC.
2019-yilda Efiopiya va Indoneziyada MAX avialaynerlari ishtirokida yuz bergan ikki halokat natijasida bu turdagi samolyotlardan foydalanish dunyo bo‘ylab besh oyga to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Avvalroq “Boeing” samolyot ishlab chiqaruvchisi aviakompaniyalarni 737 MAX samolyotlarini tekshirishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.
Aviatsiya boshqarmasining qayd etishicha, samolyotlardagi rul boshqaruvi tizimidagi murvat bo‘shashgan bo‘lishi mumkin.
“„Boeing“ Aviatsiya boshqarmasi bilan kelishilgan holda, yangi tor korpusli samolyotlar operatorlariga rul harakatini boshqaradigan maxsus boshqaruv murvatlarini bo‘shashishi mumkin bo‘lgan uskunalarni tekshirish uchun ogohlantirish berdi”, dedi regulyator bayonotida.
Kompaniya xalqaro operatorlardan biri rul boshqaruvidagi mexanizmni rejalashtirilgan texnik xizmat ko‘rsatish paytida yo‘qolgan murvatini topgandan so‘ng tekshiruvlarni o‘tkazishni tavsiya qildi.