Shavkat Mirziyoyev 10-yanvar kuni Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlar tahlili va kelgusi vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Avvallari 15ta tumandan 12tasi dotatsiyada bo‘lgan Qoraqalpog‘iston bugungi kunda o‘z daromadiga ega bo‘lgan hududga aylandi. Xususan, 15 trln so‘m investitsiya hisobiga 5 300dan ziyod loyiha amalga oshirildi.

Orol dengizining qurigan hududi o‘rnida 1,8 mln gektar yashil o‘rmonzor barpo etildi. 51 ming oilaning uy-joy sharoiti yaxshilandi, 401ta mahallada qurilish-ta'mirlash ishlari bajarildi. Aholining turmush darajasi oshgani qayd etildi.

So‘nggi ikki yilda Qoraqalpog‘istonda sanoat, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir 7ta farmon va qaror qabul qilindi. Bu maqsadlar uchun $400 mln va 250 mlrd so‘m ajratildi.

Yig‘ilishda 2023-yilda qilingan ishlar ko‘rib chiqilib, 2024-yilga mo‘ljallangan vazifalar muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘iston aholisi 2 mlndan oshdi. Har yili mehnat bozoriga 50 ming aholi kirib keladi. Davlat rahbari ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitib, daromadli ish va munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash kerakligiga e’tibor qaratdi.

Xususan, sanoat hajmi 23 trln so‘mga yetkazilib, 2 trln so‘mlik yangi quvvatlar yaratiladi. To‘qimachilik, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari tarmoqlarida 5 trln so‘mlik 24ta yirik loyiha ishga tushiriladi.

2024-yilda hududga $2,1 mlrd xorijiy investitsiya jalb etilishi mo‘ljallangan. Buning evaziga sanoatda 206ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 240ta, qishloq xo‘jaligida 34ta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Ularda 13 mingga yaqin yuqori daromadli ish o‘rni ochiladi.

Qoraqalpog‘istonda ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa xizmatlar rivojlanmoqda. Imkoniyatlardan samarali foydalanib, joriy yilda eksport hajmini $160 mlnga yetkazish maqsad qilingan.

Qishloq xo‘jaligida yer unumdorligini oshirish uchun xorijiy grant jalb qilinadi. 6 ming gektar yerga suv tejovchi texnologiya joriy qilinib, 31 ming gektar lazerli tekislanadi.

Mahallalar infratuzilmasi va xonadonlar ta’mirlanadi. Yuqori texnologik tibbiy xizmatga muhtoj bemorlar davolanishiga 2,3 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, fuqarolar tashabbusi asosidagi loyihalarga 182 mlrd so‘m, yil davomida mahalliy budjetdan yana 40 mlrd so‘m ajratiladi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasidagi loyihalarga 10 trln so‘m beriladi.

Prezident yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar mavjud salohiyatga mos emasligini ta’kidlab, bu boradagi qo‘shimcha imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Masalan, 51ta sanoat zonasida 775 mlrd so‘mlik 71ta loyihani boshlab, 1000ta ish o‘rni yaratish, 10 ming gektar bo‘sh yerni savdoga chiqarib, 20 mingta tadbirkorni jalb qilish mumkin.

Natijada, 50 mingta ish o‘rni tashkil etiladi. Shuningdek, noruda konlarga sanoatni olib kirib, 7,5 trln so‘mlik loyihalar hisobiga 10 ming aholini band qilish mumkin.

Davlat rahbari bu boradagi katta imkoniyatlardan biri turizm ekanini ta’kidladi. Qoraqalpog‘istonda turizmni, ayniqsa, uning eko, etno, ziyorat yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, turizm klasteri tashkil etish va sohaga xorijiy ekspertlarni jalb qilish belgilandi.

Nukus aeroportini rivojlantirish va aviaqatnovlarni ko‘paytirish, yangi mehmonxonalar qurish, muzeylarni modernizatsiya qilish, yo‘l bo‘yi xizmatlarini kengaytirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Turkiyadan mutaxassislarni taklif etib, yoshlarni chet tili, IT, dizayn, mehmonxona xizmati kabi 17 turdagi zamonaviy kasblarga o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddilar Qoraqalpog‘istonni ishsizlikdan holi hududga aylantirish uchun barcha imkoniyatlar borligini qayd etib, bu boradagi chora-tadbirlarni belgilab oldi.