Avvalroq davlat rahbari raisligida uy-joy, qurilish, kommunal xo‘jaligi, transport va ekologiya sohalarida amalga oshirilgan ishlar va muhim vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Prezident kompleksga kiruvchi vazirlik va idoralar oldida turgan uy-joy va qurilish sohasidagi eng dolzarb vazifalarni belgilab berdi.

Bu yil investitsiya dasturi doirasida 1 637ta infratuzilma obyektini qurish belgilangan. Lekin soha yoki hudud rahbarlari budjet mablag‘larini samarali ishlatish, qurilishlar sifatini ta’minlash bo‘yicha namuna bo‘ladigan tizim yaratmagani qayd etildi.

Qurilishlarga ajratilgan budjet mablag‘larini maqsadsiz ishlatish, talon-taroj va o‘g‘rilik holatlari ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim quruvchi tadbirkorlarning yashirin ishlashiga yoki bunday ishlashga majbur qiladigan shart-sharoitlar borligi ta’kidlandi.

Loyiha tashkilotlari obyekt qiymatini imkon qadar “shishirishga” harakat qilayotgani qayd etildi. Sababi, loyiha qancha qimmat bo‘lsa, loyihachi shuncha ko‘p pul oladi. Shu bois, aksariyat loyihalarda keraksiz xizmatlar, ortiqcha hashamat qo‘shib kiritilmoqda. Masalan, 2023-yilda loyihalarda 3 trln so‘mlik bunday keraksiz xarajatlar oldi olindi.

Aksincha, iqtisod qilishga kelganda, quruvchilarning ish haqi va asosiy qurilish materiallari narxi bozordan past narxlarda hisoblanmoqda.

Bularning hammasi quruvchi-pudratchilarni “obnal” va “o‘g‘irlik” qilishiga, sifatsiz qurilish materiallarini ishlatishiga sharoit yaratayotgani, “yashirin” qurilish materiallari bozori vujudga kelgani qayd etildi.

Hokim va prokurorlar vaziyatga e’tiborsizligi qattiq tanqid qilinib, ularning bu boradagi qat’iy javobgarligi belgilandi. Amaldagi loyihalash jarayonlari va qurilish ishlari “resurs usuli"ga asoslangan.

“Resurs” usulida 1ta maktab qurish uchun qancha ishchi kerak, qancha yoqilg‘i va nechta texnika ishlatiladi, texnikaning turi qanaqa bo‘lishi kerak, degan yuzlab shartlar kiritilgan. “Hajm usuli"da esa pudratchidan yakuniy natija so‘raladi. Muhimi, quruvchi obyektni o‘z vaqtida va sifatli topshirsa bo‘ldi.

Bundan tashqari, loyiha, tender, qurilish va obyektni qabul qilish bilan bog‘liq barcha jarayonlarda korrupsiya holatlari uchrab turibdi. Endilikda loyiha qilishdan boshlab, obyektni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ham, ularning nazorati ham yangicha tashkil etiladi.

2025-yildan barcha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, ishlarni amalga oshirish hamda ularni qabul qilishda “resurs usuli"dan voz kechilib, “hajm usuli"ga o‘tiladi.

Bu tartib 1-iyuldan yo‘l, ichimlik suvi va ko‘prik qurilishi loyihalarida joriy qilinishi belgilandi.

Shuningdek, qurilishni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish maqsadida 1-iyuldan qurilishda tuziladigan barcha shartnomalar raqamlashtiriladi.

Pudratchi tashkilotlar bajargan qurilish ishlari faqat soliq organiga taqdim etilgan elektron hisob-fakturadan kelib chiqib moliyalashtiriladi. Obyektni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilib, dalolatnomalar “Shaffof qurilish” orqali tasdiqlanadi.

10 mlrd so‘mdan ortiq loyihalar bo‘yicha subpudratchilarni faqat va faqat “Shaffof qurilish” tizimi orqali tanlash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu tartib xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarga ham tatbiq etiladi. Ishlab chiqaruvchi ham, quruvchi ham, nazorat qiluvchi ham qayerda qaysi qurilish materiali qancha pul turishini onlayn kuzatib boradigan tizim bo‘ladi.

2023-yilning sentabrida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tishni, “FIDIK” standartlarini joriy etish takliflarini qo‘llab-quvvatlagandi.