O‘zbekistonliklar Polshaga qurilish ishlariga taklif etilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matuot xizmati xabar berdi.

Hozirda fuqarolar qoliplash hamda metall konstruksiyalarni mahkamlash yoki temirchi ishlariga qabul qilinmoqda.

Nomzodlar 18−45 yosh oralig‘ida bo‘lishi, rus yoki ingliz tillarini bilishi, so‘ralayotgan bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha ish tajribasiga (tasdiqlovchi hujjat qo‘shimcha ustunlik beradi) ega bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, sudlanmagan, xorijga chiqish taqiqlanmagan, jismonan va ruhan sog‘lom hamda zararli odatlardan holi bo‘lish talab etiladi.

Ish haqi 750 yevrodan boshlanadi. Yotoqxona, tibbiy sug‘urta, Polshada ro‘yxatdan o‘tish, yotoqxonadan ish joyigacha transport xarajatlari ish beruvchi hisobidan qoplanadi.

Quyidagi xarajatlar esa fuqaro hisobidan:

  • viza to‘lovi;
  • aviachipta;
  • agentlik to‘lovi;
  • ovqatlanish xarajatlari.

Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlar mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.

Bunda 100 nafar nomzod ro‘yxatdan o‘tgandan keyin arizalar qabuli to‘xtatiladi.

Vakansiya uchun kasbiy malaka talabi mavjud. Ushbu sohada malakasi yo‘q nomzodlar ro‘yxatdan o‘tmasliklari so‘ralgan.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar Toshkentda tashkil etiladigan amaliy imtihonlarga chaqiriladi.

Avvalroq 2024-yilda 100 ming nafar o‘zbekistonlik Janubiy Koreyaga ishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. 8−14 fevral kunlari ishlash istagida bo‘lgan nomzodlar uchun ro‘yxatdan o‘tish rejalashtirilgan.