Google qidiruv tizimining bosh sahifasi yangilangan dizaynini sinovdan o‘tkazishni boshladi. Search Engine Watch nashri sahifaning yangi versiyasiga e’tibor qaratdi.

Ayrim foydalanuvchilarda odatdagi “Google'da qidirish” tugmasi o‘rniga sun’iy intellekt asosidagi funksiyalarni ishga tushiruvchi uchta tugma paydo bo‘ldi.

Yangi versiyada qidiruv satri ostida Create Images, Ask About Files va Brainstorm tugmalari joylashtirilgan. Shu bilan birga, odatdagi “Menga omad kulib boqsin!” funksiyasi saqlanib qolgan.

Create Images tugmasi Nano Banana yordamida tasvirlar yaratish va taklif etilgan variantlardan birini tanlash imkonini beradi.

Ask About Files orqali fayllarni yuklab, ularning mazmuni bo‘yicha savollar berish mumkin. Brainstorm esa turli mavzularni muhokama qilish va g‘oyalar topishda yordam beradigan SI suhbatini ishga tushiradi.

Yangi dizayn Google’ning oddiy internet qidiruvi imkoniyatini avvalgidek yaqqol ko‘rsatmaydi. Biroq qidiruv funksiyasi saqlanib qolgan: foydalanuvchi so‘rovni qidiruv satriga kiritib, klaviaturadagi Enter yoki Return tugmasini bosishi kifoya.

Google Search vitse-prezidenti Robbi Steyn 11-avgust kuni kompaniya yangi interfeysni haqiqatan ham sinovdan o‘tkazayotganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tajriba hozircha faqat kichik guruh foydalanuvchilar uchun mavjud. Kompaniya tugmalarning o‘zgarishi qidiruv tizimining asosiy funksiyasiga ta’sir qilmasligini, odatdagi qidiruv natijalari Enter yoki Return bosilgandan keyin ham chiqishini ta’kidladi.


Avvalroq Spot Yevropa Ittifoqi Google’ga $1 mlrd jarima solgani haqida yozgandi.

Google 60 kun ichida kamchiliklarni bartaraf etmasa, global yillik aylanmasining 5%igacha qo‘shimcha jarima solinshi mumkin.