2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 9 282 ta kiberjinoyat fosh etildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov rahbarligidagi Hay‘at yig‘ilishida yilning birinchi yarmidagi kriminogen vaziyat va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish natijalari muhokama qilindi.
Markaziy bank bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizim orqali 29 trln so‘mning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olindi hamda jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklandi.
Jami 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan, 4 011 ta jinoyat esa tashabbus asosida aniqlangan. 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120,5 mlrd so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan.
Shuningdek, kiberjinoyatlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari bilan 23 mln dan ortiq aholi qamrab olingan.
Yig‘ilishda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emasligi tanqid qilindi. Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni puxta o‘rganish, kiberjinoyatlarning sabablari va ularga imkon berayotgan omillarni chuqur tahlil qilish zarurligi ta‘kidlandi.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimlarining kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zamonaviy axborot texnologiyalari hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning yangi usullariga o‘rgatishni jadallashtirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Spot, avvalroq, kiberjinoyatlarga qarshi kurashga oid ikkita qonun loyihasi Senatga yuborilgani haqida yozgandi.