Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga uglevodorod resurslarini uzluksiz yetkazib berish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda neft va gaz qazib chiqarish, import qilish, qayta ishlash, zaxiralash hamda isteʼmolchilarga yetkazib berish holati ko‘rib chiqildi.

Tarmoqlar va hududlar ehtiyojini aniq hisob-kitob qilish, ichki talabni ustuvor taʼminlash va yetkazib berish grafiklariga qatʼiy rioya etish zarurligi ta‘kidlandi.

O‘zbekneftgazda tabiiy gaz qazib chiqarish surʼatlarini barqaror saqlash, mavjud konlar imkoniyatidan samarali foydalanish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. Yangi Kultak, Niyoz, Qoratau, Marvarid va Tegirmon konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Quduqlarni burg‘ilashdan tortib, ularni gaz uzatish tarmog‘iga ulashgacha bo‘lgan jarayonlarni kunlik nazoratga olish, elektr taʼminoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Neft va gazni qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan bir maromda taʼminlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish hamda ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uglevodorod resurslarini hududlarga o‘z vaqtida va yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni oldindan shakllantirish hamda ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni taʼminlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish muhimligi taʼkidlandi.

Resurslarni asossiz ushlab turish, sunʼiy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha taʼsirchan nazorat o‘rnatish topshirildi.

Ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash, uglevodorod resurslari taʼminotida uzilishlarga hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekneftgazga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz taʼminlash vazifasi qo‘yildi.

Suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirildi.

Mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, taʼminot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlash va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston Iroq va Gruziyadan aviakerosin import qilishni boshlagani haqida yozgandi.