O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlariga 5% soliq joriy etilishi mumkin.
Ushbu taklif Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti tomonidan bildirilgan bo‘lib, bu davlat budjetiga qo‘shimcha 1,4 trln so‘m tushum keltirishi mumkin.
Biroq tashabbus iqtisodchilar, moliya sektori vakillari va fuqarolar o‘rtasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ekspertlarning aksariyati omonatlarga soliq solish g‘oyasi jahon amaliyotida yangilik emasligini ta’kidlasa-da, bunday chorani hozirgi sharoitda muhokama qilishga hali erta, deb hisoblaydi. Ularning fikricha, taklif nafaqat omonatlar daromadliligiga, balki banklarning resurs bazasi, kreditlar qiymati, dedollarizatsiya jarayoni va aholining moliya tizimiga ishonchiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Taklif jamoatchilikda katta rezonansga sabab bo‘lgach, Markaziy bank va Fiskal tahlillar instituti rasmiy bayonotlar bilan chiqdi. Ularning har ikkalasi ham bu faqat institut tomonidan tayyorlangan ilmiy-tahliliy tadqiqot natijalari ekanligi, professional muhokama uchun taqdim etilganini bildirdi. Taklif rasmiy qonunchilik tashabbusi hisoblanmaydi. Soliq kodeksiga har qanday o‘zgartirish faqat qonunchilikda belgilangan tartibda, davlat organlari, ekspertlar va jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingandan so‘ng qabul qilinishi mumkin.
TRIA Legal yuridik firmasining Spot’ga tushuntirishicha, gap qonun loyihasi yoki rasmiy qonunchilik tashabbusi haqida emas, balki institutning ilmiy-tahliliy tadqiqoti natijalari haqida bormoqda. Yuridik nuqtai nazardan, bu taklif hali hech qanday huquqiy oqibatlarga ega emas, shuning uchun hozirda g‘oya na banklar, na omonatchilar uchun hech qanday majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Markaziy bank ham ilmiy muassasalar xalqaro tajribani muntazam o‘rganib, turli tahliliy takliflarni ilgari surishini ta’kidladi. Shu bilan birga, regulyator bunday tashabbuslarni o‘rganishda moliyaviy resurslar qiymati, banklarning resurs bazasi va moliyaviy barqarorlikka ta’sirini kompleks baholashini qayd etdi.
Spot tomonlarning asosiy argumentlarini jamlab, ushbu taklif qabul qilinib, amaliyotga joriy etilsa, qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tahlil qildi.
Omonatlar jozibadorligini yo‘qotishi, kreditlar esa qimmatlashishi mumkin
Mutaxassislarning taklifga nisbatan asosiy e’tirozlaridan biri shundaki, kutilayotgan samara hisob-kitoblarida omonatchilar va banklarning xatti-harakatlari qanday o‘zgarishi inobatga olinmagan.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘zining Mirkonomika Telegram-kanalida 5% lik soliq nafaqat budjetga qo‘shimcha daromad keltirishi, balki depozitlarning amaldagi daromadliligini ham pasaytirishini ta’kidlaydi. Bugungi kunda so‘mdagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka yillik qariyb 19,2% ni tashkil etadi. Soliq ushlab qolingach, u taxminan 18,2% gacha kamayadi. Omonatchilarning bir qismi uchun daromadlilikning bunday pasayishi ham mablag‘larni, masalan, ko‘chmas mulkka yo‘naltirish kabi muqobil sarmoya usullarini izlashga turtki bo‘lishi mumkin.
Xolboyevning ta’kidlashicha, natijada depozitlarning o‘sish sur’ati sekinlashishi mumkin, ma’lum bir ssenariyda esa omonatlarning bir qismi chiqib ketishini ham istisno qilib bo‘lmaydi. Bu shuni anglatadiki, prognoz qilinayotgan 1,4 trln so‘m soliq tushumlari kutilganidan ancha past bo‘lishi mumkin, chunki hisob-kitoblar depozitlar hajmi o‘zgarishsiz qoladi degan taxmindan kelib chiqadi.
“Agar odamlar foiz stavkasi pasayishiga sezuvchan bo‘lsa, bu bank tizimida depozitlarning kamayishiga olib keladi yoki soliq depozitlar qoldig‘i o‘sishini sekinlashtirishi mumkin. Natijada real soliq tushumlari kutilganidan past bo‘lishi mumkin”, — dedi u.
Iqtisodchi Botir Qobilov ham shunday fikrda. U o‘z blogida e’lon qilingan hisob-kitob statik model ekanligini ta’kidladi: omonatlarning umumiy hajmi o‘rtacha foiz stavkasiga va taklif etilayotgan soliq miqdoriga ko‘paytiriladi. Biroq iqtisodiyot bunday oddiy formulalar bilan ishlamaydi.
Uning yozishicha, yangi soliq joriy etilgandan so‘ng, mijozlarning bir qismi depozitlarni uzaytirishdan bosh tortishi, omonatlar chet el valyutasiga yoki boshqa aktivlarga o‘tishi mumkin, banklar esa omonatchilarni saqlab qolish uchun foiz stavkalarini oshirishga majbur bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, biznes kreditlari, ipoteka va fuqarolik kreditlari narxining oshishiga olib keladi. Shuning uchun kutilayotgan 1,4 trln so‘m real sof daromad emas, balki faqat buxgalteriya hisobidir.
Iqtisodchi bu masalani pul-kredit siyosati bilan ham bog‘laydi. Uning fikricha, Markaziy bank hozir nisbatan yuqori foiz stavkalarini saqlab, bank omonatlarini jozibador qilish va aholining mablag‘larini sarflash o‘rniga banklarda saqlashini rag‘batlantirmoqda. Agar davlat bir vaqtning o‘zida soliq orqali omonatlarning sof daromadliligini pasaytirsa, bu ikki siyosat bir-biriga zid kelishi mumkin.
Natijada, yangi soliqning bilvosita oqibatlarini hech qachon bank omonati ochmaganlar ham his qilishlari mumkin.
Shu mazmundagi fikrni Universalbank Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi Ulug‘bek Tavakkalov ham bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda davlat, aksincha, bank omonatlarining jozibadorligini oshirish va aholining naqd pul saqlash yoki norasmiy investitsiyalash usullariga qiziqishini pasaytirishdan manfaatdor.
“Jismoniy shaxslarning omonatlari bugungi kunda banklarning umumiy resurs bazasining qariyb 38% ini tashkil etadi — amalda har 10 so‘mdan 4 tasi jismoniy shaxslarga tegishli. So‘nggi 10 yil ichida banklarning resurs bazasi qariyb 18 barobarga — taxminan 8 mlrd so‘mdan 160,4 trln so‘mga oshdi. Bunday o‘sish 2017-yilda valyuta qonunchiligining liberallashtirilishi, onlayn-bankingning rivojlanishi, bosqichma-bosqich naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘tish, milliy valyuta kursining barqarorlashuvi, bank tizimiga bo‘lgan ishonchning ortishi va omonatlar uchun amaldagi soliq imtiyozlari tufayli mumkin bo‘ldi”, — deya izoh berdi u Spot’ga.
Tavakkalovning fikricha, soliqning joriy etilishi depozitlarning ommaviy yopilishiga olib kelmagan taqdirda ham, u banklarning resurs bazasi o‘sishini sekinlashtirishi va yirik omonatchilarning bir qismini muqobil jamg‘arma vositalarini izlashga undashi mumkin. Natijada banklarni moliyalashtirish qiymati oshadi, kredit stavkalari esa taxminan 2−3 foiz bandga oshishi mumkin.
TRIA Legal yuridik firmasining Spot’ga tushuntirishicha, davlat yangi soliq joriy etmayapti, balki imtiyozni bekor qilmoqda. Biroq buning uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish zarur — vazirlik yoki boshqa idoraning qarori yetarli emas.
So‘mdagi omonatlar valyutadagilarga qaraganda ko‘proq zarar ko‘rishi mumkin
Bir nechta ekspertlar takrorlayotgan yana bir fikr so‘mdagi va xorijiy valyutadagi omonatlar o‘rtasidagi farq bilan bog‘liq. Ularning fikricha, yagona soliq stavkasi milliy va xorijiy valyutadagi omonatlarga turlicha ta’sir qiladi. Bu esa Markaziy bank olib borayotgan dedollarizatsiya siyosatini sekinlashtirishi mumkin.
Mirkomil Xolboyevning yozishicha, agar so‘mdagi omonatlarning samarali daromadliligi qariyb 1 foiz bandga kamayadigan bo‘lsa, xorijiy valyutadagi omonatlarda bu ko‘rsatkich atigi 0,22 foiz bandga qisqaradi. Natijada valyutadagi omonatlar jozibadorroq bo‘lishi mumkin.
“Bir necha yildan buyon so‘mdagi depozitlarning jozibadorligi yuqori shakllanib, bu mamlakatimizdagi dollarlashuv darajasi pasayishiga xizmat qilayotgan edi. Xususan, joriy yilning mart oyida jismoniy shaxslarning depozitlari qoldig‘ida chet el valyutasidagi depozitlar ulushi 20,8% ni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2020-yil boshida 32,5% ga teng edi. 5% lik soliq stavkasi so‘mdagi depozitlar jozibadorligiga salbiy ta’sir qiladi. Bu esa dollardagi depozitlarning keskin o‘sishiga olib kelmasligi mumkin, lekin depozitlar dollarlashuv darajasining pasayish sur’atiga salbiy ta’sir qilishi turgan gap”, — dedi u.
Botir Qobilov masalaning bu jihatini kengroq ko‘rib chiqadi. Uning aytishicha, so‘mdagi omonatlar bo‘yicha yuqori foiz stavkalari omonatchilarni boyitmaydi — ular faqat inflyatsiya sabab yo‘qotilgan xarid qobiliyatini qoplaydi.
“So‘mdagi omonat stavkasi yuqori bo‘lishining sababi bor. So‘mda pul saqlagan omonatchi inflyatsiya va valyuta kursi xavfini o‘z zimmasiga oladi, yuqori foiz ana shu xavf uchun kompensatsiyadir. Agar davlat shu kompensatsiyaning bir qismini ham soliqqa olsa, so‘mda saqlashning jozibadorligi pasayadi. Odamlar birdaniga bankdan barcha pulini yechib ketmasligi mumkin. Lekin yangi jamg‘armalarini dollarga, oltinga, naqd pulga, yoki boshqa norasmiy aktivlarga yo‘naltira boshlashi mumkin. Hatto kichik foiz farqi ham valyuta kursi bo‘yicha xavotir kuchli bo‘lgan davrda odamlarning qaroriga sezilarli ta’sir qiladi”, — deb yozdi iqtisodchi.
Iqtisodchi misol keltiradi: agar omonat bo‘yicha yillik foiz stavkasi 16%, inflyatsiya esa 6−7% bo‘lsa, omonatchining real daromadi taxminan 9% ni tashkil qiladi. Foizlarning qolgan qismi esa pulning xarid qobiliyati pasayishini qoplaydi. Biroq soliqni faqat real daromaddan emas, balki hisoblangan foizlarning to‘liq summasidan undirish taklif qilinmoqda. Inflyatsiya oshgani sari bu muammo yanada sezilarli bo‘ladi. Masalan, inflyatsiya 15% ga yaqinlashsa, 16% lik omonat amalda deyarli real daromad keltirmaydi. Shunga qaramay, soliq to‘liq miqdorda undiriladi.
Iqtisodchining fikricha, tashabbusning psixologik oqibatlari ham jiddiy bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar daromadlilikning amalda unchalik katta bo‘lmagan miqdorda kamayishini hisoblab chiqishi mumkin, biroq ko‘pchilik omonatchilar vaziyatni ancha hissiy qabul qiladi.
“Iqtisodchi, bankir, soliqchi hisob-kitob qilib, 16% 15,2% ga tushdi, bu katta muammo emas deb fikrlar. Oddiy omonatchi esa bu yangilikni boshqacha qabul qilib, „davlat bankdagi pulimizga soliq solishni boshladi“ deydi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda bu „omonatlardan 5% olib qo‘yiladi“ degan noto‘g‘ri shaklda tarqalishi ehtimoli juda yuqori. Odamlar bugungi 5% ni emas, ertaga nima bo‘lishini ham o‘ylaydi-da: „Bugun 5 foiz bo‘lsa, ertaga 10 foiz qilinmaydimi?“ yoki „ikki yildan keyin omonatning o‘ziga ham soliq solinmaydimi?“ deydi”, — deya ta’kidlaydi Botir Qobilov.
Iqtisodchi moliya tizimiga bo‘lgan ishonch juda sekin — yillar davomida shakllanishi, biroq uni bittagina qaror bilan tez yo‘qotish mumkinligini qayd etadi.
Bu fikrni qisman Ulug‘bek Tavakkalov ham tasdiqlaydi. U Spot’ga bergan intervyusida hozirda bank omonatlari jamg‘armalarni saqlashning eng ishonchli va tushunarli vositalaridan biri bo‘lib qolayotganini aytdi. Shu sababli tashabbusning noto‘g‘ri talqin qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik muhim.
Asosiy noto‘g‘ri tushuncha shundan iboratki, ko‘pchilik ehtimoliy soliqni foiz stavkasining birdaniga besh foiz bandga pasayishi yoki hatto omonatning o‘zidan 5% ushlab qolinishi deb qabul qilmoqda.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov ham o‘z blogida vahimaga berilmaslikka chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, agar so‘mdagi omonat bo‘yicha yillik stavka 20% bo‘lsa, soliq joriy etilgach, amaldagi daromadlilik taxminan 19% gacha tushadi. 7% lik valyuta omonatida esa daromadlilik 6,65% gacha kamayadi. Uning fikricha, bunday pasayishni, ayniqsa, so‘mdagi omonatlar bo‘yicha maksimal stavkalar so‘nggi ikki yil ichida allaqachon qariyb 27% dan 23% gacha tushganini hisobga olinsa, jiddiy darajadagi pasayish deb bo‘lmaydi.
Mutaxassislar modelni qanday o‘zgartirish tarafdori?
Tashabbus tanqid qilinayotganiga qaramay, ekspertlar omonatlar bo‘yicha foiz daromadlarini soliqqa tortish g‘oyasini noodatiy deb hisoblamaydi. Bunday amaliyot ko‘plab mamlakatlarda mavjud. Biroq O‘zbekistonda bu masalani shunchaki 5% lik soliq stavkasini joriy etishdan ko‘ra kengroq muhokama qilish kerak.
Mirkomil Xolboyev taqdim etilgan asoslantirishda xalqaro tajriba deyarli yoritilmaganiga e’tibor qaratdi. Turli mamlakatlarda omonatlarni soliqqa tortishda nafaqat stavka, balki omonat valyutasi, muddati, bankning joylashuvi hamda foiz daromadlari uchun soliqqa tortilmaydigan minimal miqdor kabi omillar ham hisobga olinadi.
Iqtisodchi Ozarbayjonni misol qilib keltirdi. Institut taqdimotida bu mamlakat omonatlar bo‘yicha foiz daromadlari soliqqa tortiladigan davlatlardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Biroq u yerda milliy valyutadagi uzoq muddatli omonatlar soliqqa tortilmasligi qayd etilmagan. Xolboyevning fikricha, muhokamada soliq stavkasidan ko‘ra, soliqning qanday shaklda joriy etilishi muhimroq.
“Umuman olganda, depozitlarni soliqqa tortish mumkin. Lekin uni hozirgi taklif qilinayotgan shaklda amalga oshirish, menimcha, eng samarali yo‘l emas. Depozitlarni soliqqa tortishda bank tizimiga yoki kelajakdagi depozit oqimiga ta’siri kabi omillarga alohida e’tibor qaratilishi zarur, balki hozircha soliqqa solish umuman kerak emasdir. Hozirgi arxitektura bilan depozitlarni soliqqa solishdan keladigan zarar, u olib keladigan foydadan oshib ketishi mumkin”, — dedi iqtisodchi.
Ulug‘bek Tavakkalov ham ushbu yondashuvga qo‘shiladi. Uning ta’kidlashicha, agar bunday tashabbus qachondir jiddiy muhokama qilinsa, u aksariyat omonatchilarni himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutishi kerak
Shu bilan birga, iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikricha, depozitlar solig‘i borasidagi munozara ancha fundamentalroq masalani qamrab oladi. Uning ta’kidlashicha, muammo soliq stavkalarining miqdorida emas, balki soliq tizimining qurilish tamoyillaridadir.
“Biz soliqni zanjirning oxirida, hosildan emas, boshida, urug‘likdan olamiz. Ya’ni sarmoyani jazolab, iste’molni rag‘batlantiramiz. Holbuki falsafa teskari bo‘lishi kerak: soliq sof daromaddan, ideal holda esa iste’moldan olinishi lozim”, — deb yozdi u o‘z kanalida.
Hoshimov misol sifatida korxonalar foydasini soliqqa tortishning amaldagi tartibini keltiradi. Garchi soliq rasman sof foydadan hisoblansa-da, kapital qo‘yilmalar — uskunalar sotib olish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish yoki biznesni kengaytirish kabi xarajatlarni biryo‘la to‘liq hisobga olish mumkin emas. Ular amortizatsiya orqali bosqichma-bosqich hisobdan chiqariladi va shu sababli investitsiyalar amalda qo‘shimcha soliq yuki ostida qoladi.
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday holat jismoniy shaxslarda ham kuzatilmoqda. Masalan, kvartirani ijaraga berishda soliq olingan daromaddan to‘lanadi, biroq ta’mirlash, mebel yoki uy-joyni saqlash xarajatlari soliqqa tortiladigan bazani kamaytirmaydi, vaholanki, ular mohiyatan kelajakda daromad keltiradigan aktivga kiritilgan sarmoyadir.
Hoshimovning fikricha, aynan shunday yondashuv investitsiyalarga bo‘lgan rag‘batni pasaytiradi. Shu sababli soliq islohoti stavkalarni o‘zgartirishdan ko‘ra, soliq bazasini shakllantirish tamoyillarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilishi kerak.
Hozircha gap faqat ekspert tashabbusi haqida
Tavakkalovning so‘zlariga ko‘ra, bank depozitlari bo‘yicha foiz daromadlarini soliqqa tortish masalasi 20 yildan ortiq vaqt davomida muhokama qilib kelinmoqda. Shu bilan birga, davlat uzoq vaqt davomida bunday soliqni joriy etmagan, chunki rasmiy iqtisodiyotni rivojlantirish va aholining mablag‘larini bank tizimiga jalb qilishdan manfaatdor bo‘lgan.
Bunday soliq joriy etilgan taqdirda qanday ishlashi mumkinligi haqidagi savolga javob berar ekan, Tavakkalov uning yangi ochiladigan hamda amaldagi depozitlarga ham tatbiq etilishi ehtimoli yuqori ekanini taxmin qilmoqda. Bunday yondashuv yangi mablag‘larni to‘ldirish imkoniyati mavjud bo‘lgan avval ochilgan hisobvaraqlarga sun’iy ravishda o‘tkazishning oldini oladi. Soliqni undirish esa, ehtimol, foiz daromadi to‘lanayotgan vaqtda bank tomonidan avtomatik amalga oshiriladi.
Yuliy Yusupov bu muhokamani allaqachon qabul qilingan qaror sifatida qabul qilmaslikka chaqirdi.
“Darhol qizishib ketganlarni tinchlantiraman: vahimaga tushmaslik kerak… Bu faqat taklif, allaqachon kelishilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi emas. Ushbu g‘oyaning qabul qilinish ehtimoli unchalik katta emas, hech bo‘lmaganda Markaziy bank bunga aniq qarshi bo‘ladi”, — deb yozdi u.
Yusupov xavotirning asosiy sababi depozitlarga solinadigan soliq emas, balki so‘nggi yillardagi umumiy tendensiyadir, deb hisoblaydi. Uning fikricha, moliya organlari soliq yukini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni tobora ko‘proq taklif qilmoqda, davlat xarajatlarini kamaytirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga esa kamroq e’tibor qaratilmoqda.
Iqtisodchining fikricha, yashirin iqtisodiyotni barqaror qisqartirishga nafaqat fiskal ma’muriyatchilikni kuchaytirish, balki fuqarolar va biznes uchun ochiq ishlash foydali bo‘lgan sharoitlarni yaratish orqali ham erishiladi. Aks holda, budjet daromadlarining yangi manbalari vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy faollik va investitsiyalarni to‘xtata boshlashi mumkin.
Hatto tashabbus kelajakda qo‘llab-quvvatlangan taqdirda ham, uni tezda amalga oshirishning imkoni bo‘lmaydi. TRIA Legal’ga ko‘ra, hozirda jismoniy shaxslarning bank omonatlaridan oladigan foiz daromadlari soliqqa tortishdan ozod qilingan. Shu sababli yuridik nuqtayi nazardan gap yangi soliq joriy etishdan ko‘ra, amaldagi soliq imtiyozini Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish orqali bekor qilish yoki o‘zgartirish haqida ketmoqda.
Buning uchun rasmiy qonun loyihasini tayyorlash, uni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, zarur huquqiy ekspertizalar o‘tkazish talab etiladi, shundan so‘ng hujjat Oliy Majlisning ikkala palatasi tomonidan ko‘rib chiqilishi, prezident tomonidan imzolanishi va rasman e’lon qilinishi kerak. Bundan tashqari, gap soliq imtiyozini bekor qilish to‘g‘risida borayotganligi sababli, bunday o‘zgarishlar, qoida tariqasida, qonun e’lon qilinganidan keyin kamida uch oy o‘tgach kuchga kirishi mumkin.
“Hozir shoshilinch choralar ko‘rish shart emas. Rasmiy qonun loyihasi ham, qabul qilingan qonun ham, hatto e’lon qilingan o‘tish qoidalari ham yo‘q. „Soliqqa ulgurish“ umidida omonatni muddatidan oldin yopish yoki yangisini ochish hozircha amaliy ma’noga ega emas. Bugun ochilgan omonat kelajakda ehtimoliy soliqdan ozod qilinishi shart emas — hammasi qonun matniga bog‘liq bo‘ladi”, — deya izoh berdi yuridik firma vakillari.

